Toshkent xalqaro investisiya forumining ikkinchi kunida “Markaziy Osiyoning investisiyaviy salohiyati” mavzusida panel munozarasi bo`lib o`tdi. Bu haqda Investisiyalar va savdo vazirligi xabar berdi.
Munozara ishtirokchilari Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari hukumatlari o`rtasida hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatlar iqtisodiyotiga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar oqimini oshirish, shuningdek mazkur yo`nalishlardagi samarali usullar haqida fikr almashdi.
Munozara moderatorligini Jahon bankining Markaziy Osiyo bo`yicha direktori Tatyana Proskuryakova bajardi. U bahsni nima uchun investorlar muayyan mamlakatga investisiya kiritishi kerakligi haqidagi savoldan boshladi, spikerlar esa o`z nuqtai nazari bilan bo`lishdi.
Bosh vazir o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Markaziy Osiyo davlatlari “bir mamlakatning mag`lubiyatidan iqtisodiy manfaat ko`rish” tamoyilidan uzoqlashishi kerakligini ta`kidladi.
– So`nggi yillarda qo`shni mamlakatlar bilan bizning o`rtamizda dolzarb ahamiyat kasb etgan masalalar kun tartibidan olindi. Biroz oldinroq O`zbekiston Afg`oniston orqali tizimli ravishda Pokiston bilan savdo hajmlarini oshirishini hech kim tasavvur qilmagan. Hozir Karachi portidan yuklarni 4 kunda etkazib berishmoqda. O`tgan hafta esa biz Hindiston bilan yuk almashishni yo`lga qo`ydik. Bu kundan samarali foydalanish va hamkorlikda ishlash lozim, - ta`kidladi Sardor Umurzakov.
Qozog`iston Respublikasi sanoat va infratuzilmaviy rivojlanish vaziri Kairbek Uskenbaev forumning O`zbekiston Prezidenti ishtirokida o`tgan birinchi kunidagi tadbirlar ketma-ketligida tilga olinan investisiyaviy loyihalarga to`xtalib o`tdi. “Qozog`iston investorlari uchun qonunchilik darajasida kafolatlangan barqarorlik va xavfsizlik ustuvor ahamiyatga ega”, - dedi spiker.
Iqtisodiy masalalar bo`yicha Tojikiston prezidentining yordamchisi Ne`matullo Hikmatullozoda investorlar siyosiy barqarorlikdan tortib, moliyaviy sarmoyalargacha bo`lgan ko`plab omillarni hisobga olishini ta`kidladi. Davlat sektori vakili Tojikistonda yaratilayotgan sharoitlarga alohida to`xtalib o`tdi. Xususan, bu davlatda kambag`allik darajasi ikki barobar qisqartirilgani, shuningdek, kichik va o`rta biznes ulushida o`sish qayd etilganini aytdi. Tojikistonning strategik maqsadlaridan biri – faol sanoatlashtirish. Bundan tashqari, hukumat darajasida investorlar huquqlarini himoya qilish va yangi investisiyaviy imkoniyatlar yaratish bo`yicha choralar ko`rilmoqda.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti ham forumning yalpi yig`ilishi chog`ida mamlakatimizdagi investorlar uchun qulay va jozibador shart-sharoitlar yaratish hamda xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan o`zaro manfaatli hamkorlik to`g`risida gapirib o`tdi.
– Ayni paytda ushbu forumning ahamiyatini to`liq qo`llab-quvvatlaymiz. U O`rta Osiyoda Davos forumi muqobiliga aylanishiga tilakdoshmiz, – dedi Qirg`iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi o`rinbosari Aziz Aaliev.
U O`zbekiston Prezidentining xususiy biznesga taqdim etilayotgan siyosiy kafolatlar haqidagi so`zlarini ta`kidladi. Qirg`izistonda ham shunga o`xshash choralar ko`rilayotgani to`g`risida gapirar ekan, Aziz Aaliev bu mamlakatga investisiya kiritishning ishonchli omili ekanligini aytdi.
Qirg`izistondagi investisiyalar sohasidagi afzalliklar haqida so`zlar ekan, u valyuta bozorlari liberallashtirilishi, Xitoy bilan hamkorlik, amaldagi va rejadagi tranzit yo`laklarini sanab o`tdi.
– Biz O`zbekistondagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ilhomlandik, – ta`kidladi Aziz Aaliev. Bu, xususan, Arab Amirliklarining Masdar, shuningdek, Saudiya Arabistonining ACWA Power loyihalari. Qirg`izistonda ham shunday tajribani amalga oshirishni xohlagan bo`lar edik. Mamlakatlarimizda turizmni rivojlantirish salohiyati mavjud, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo`ylab hamkorlikdagi yo`nalishlarni tashkil etishimiz mumkin.
Munozaraga yakun yasar ekan, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov mintaqa mamlakatlarini birlashtiruvchi integrasiyalashgan investisiyaviy makon yaratish tashabbusini ilgari surdi. U Markaziy Osiyoning barcha davlatlari iqtisodiyotlari u yoki bu soha va yo`nalishlar ixtisoslashuvida o`ziga xos va betakror ekanligini ta`kidladi.
– Bizning ustunligimiz shundaki, iqtisodiyotlarimiz o`zaro raqobatchi emas, balki bir-birini to`ldiruvchi, aniqroq aytganda, bir-birini to`ldirishi kerak. Bu mintaqamiz mamlakatlariga ko`proq investisiya jalb qilishi mumkin bo`lgan kuchli tomonimiz. Bizda foydalanish mumkin bo`lgan ko`plab “o`sish nuqtalari” mavjud, – e`tirof etdi vazir.
Shulardan biri – o`zaro savdodagi to`siqlarning bartaraf etilishi. Butun dunyo oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bilan shug`ullanayotgan bir davrda bu dolzarb.
– Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan biz yuqori qo`shilgan qiymatga ega mahsulotlarni yaratish uchun sanoat kooperasiyasi ustida ishlayapmiz, – dedi Sardor Umurzakov. – Bizda aniq misollar, muvaffaqiyat hikoyalari bor, ammo bu hali dastlabki qadamlar. Biz iqtisodiyotlarning barcha afzallik va kamchilik tomonlarini tahlil qilib, imkoniyatlarimizni o`zaro yaqinlashtirishni ta`minlashimiz va bu takliflar bilan tadbirkorlarga murojaat qilishimiz lozim. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ayrim hamkasblarimiz bilan bunday loyihalarni moliyalashtirish modellarini yaratdik. Masalan, Qirg`iziston va Tojikistonda hamkorlikdagi rivojlanish jamg`armalari mavjud. Biz “soatlarni sozlash” uchun shu kabi forumlarda ko`proq yig`ilishimiz kerak.
Bosh vazir o`rinbosari, shuningdek, forum imkoniyatlaridan ishtirokchi mamlakatlar bilan o`zaro hamkorlik bo`yicha “Yo`l xaritalari” tuzishda foydalanishni taklif qildi.
– Mamlakatlarimiz orasida shart-sharoitlar sinxronligi bo`lgandagina ular iqtisodiy jihatdan jozibador bo`ladi. O`rta Osiyo davlatlarida loyihalarni amalga oshirish, yaratilayotgan ish o`rinlari, kambag`allikka barham berish sohasidagi yutuqlar, “jahon ustaxonasi” yaratish borasida etakchiga aylanish uchun sharoitlar etarli. Misol uchun, biz Samarqandda industrial zona bunyod etayapmiz va u erda qo`shni mamlakatlar vakillari sanoat loyihalarni ishga tushirishi mumkin bo`ladi. Biz birgalikda ishlashimiz kerak. Biz ushbu raqobatchi ustuvor yo`nalishlar – savdo, sanoat va agrar sohasida kooperasiya, shuningdek, transport yo`laklari va logistik imkoniyatlar bo`yicha hamkorlikdan foydalanishimiz mumkin. Bu salohiyatimizni ochish kalitidir. Bu haqiqatdan ham o`z samarasini beradi.
Turkiy davlatlar tashkloti Bosh kotibi Bag`dod Amreev Markaziy Osiyo mamlakatlarining maxsus jamg`arma doirasidagi faoliyatini boshqarish zaruratini ta`kidladi. U shuningdek xizmat ko`rsatish va investisiyalar sohasida erkin savdo to`g`risida hamkorlikdagi hujjatni yaratish ahamiyatini e`tirof etdi. «Barchasi infratuzilmaga bog`liq, – dedi spiker. Inson kapitali, shuningdek, menejment muhim ahamiyatga ega».
– Kecha Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston imkoniyatlarini to`liq ochib berdi. Biz prezident quchli jamoaga ega ekanligini ta`kidladik. Bunday etakchilarga hozirgi kunda, ayniqsa, ehtiyoj katta, shuning uchun biz mamlakat taraqqiyotiga ishonch bilan qaraymiz. Darvoqe, Turkiy davlatlar tashkilotining keyingi sammiti O`zbekistonda bo`ladi, – dedi Bag`dod Amreev.
Xalqaro moliya korporasiyasining operasion faoliyat bo`yicha katta vise-prezidenti Stefani fon Frideburg Markaziy Osiyo investisiyaviy salohiyatini ochishda infratuzilmani rivojlanitirish, temir yo`l va avtomobil magistrallarini tashkil etish, biznes-investorlar uchun sharoitlarni yaxshilash kabi ustuvor yo`nalishlarni qayd etdi. U barcha transformasion jarayonlar shaffof va tushunarli bo`lishi kerakligi, bu, ayniqsa, bojxona va soliq siyosati hamda boshqa jihatlarga taalluqli ekanini ta`kidladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki raisi o`rinbosari Nobumisu Xayashi: «Bizning bankimiz yuz foiz davlat banki hisoblanadi. Mijozlarimiz – Yaponiya, Xitoy, Hindiston, shuningdek AQSh tadbirkorlari, ammo u erda Markaziy Osiyo mamlakatlari yo`q. Kelajakda mintaqa davlatlari ushbu ro`yxatga kirishiga ishonchim komil».
O`zbekistonda ilk marotaba o`tkazilayotgan TXIF o`z maydonida 56 mamlakatdan ishtirokchilarni jamladi, ular O`zbekistonning investisiyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat salohiyati, mintaqaviy va global savdo aloqalari, investisiyalarni jalb qilish mexanizmlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo`ldi.






