AsosiyJamiyat

OTB tomonidan O`zbekistondagi ishbilarmon ayollarni qo`llab-quvvatlash uchun kredit liniyalarini kengaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi

'OTB tomonidan O`zbekistondagi ishbilarmon ayollarni qo`llab-quvvatlash uchun kredit liniyalarini kengaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi'ning rasmi

Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Prezidenti Masasugu Asakava bilan uchrashuv o`tkazdi. Bu haqda Investisiyalar va savdo vazirligi xabar berdi.

Muloqot chog`ida ikki tomonlama hamkorlikning kun tartibi, qo`shma loyihalarni amalga oshirish, ularni jadallashtirish chora-tadbirlari hamda munosabatlarni kengaytirishning yangi yo`nalishlari muhokama qilindi.

Bank rahbari Forumning tashkiliy darajasini yuqori baholab, uning mamlakatdagi investisiyaviy faollikni rag`batlantirish, shuningdek, hamkor davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi ahamiyatini ta`kidladi.

Shuningdek, u Forum doirasida O`zbekiston uchun “Mamlakat platformasi” yig`ilishi o`tkazilishini olqishladi va qo`shma loyihalarni amalga oshirishda donorlar va rivojlanish bo`yicha hamkorlar bilan munosabatlarni muvofiqlashtirish orqali platforma faoliyatining samaradorligini oshirishda ko`mak berishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar alohida tartibda ayollar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikni faollashtirish istiqbollarini muhokama qildilar. OTB rahbari O`zbekistonning xotin-qizlar boshchiligidagi kompaniyalarning moliyaviy resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan «We-Fi» ayollar tadbirkorligini rivojlantirish dasturiga qo`shilishiga ko`maklashishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, OTB tomonidan O`zbekistondagi tijorat banklariga taqdim etilayotgan ishbilarmon ayollarni qo`llab-quvvatlash uchun kredit liniyalarini kengaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi.

Bundan tashqari, elektr energiyasini taqsimlash, suv ta`minoti tizimlarini qurish va modernizasiya qilish, sog`liqni saqlash va transport kabi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ko`paytirish bo`yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar kun tartibida sog`liqni saqlash sohasi alohida o`rin egalladi – O`zbekistonda sog`liqni saqlash sohasini rivojlantirishning milliy strategiyasini ishlab chiqishga OTBni jalb etish istiqbollari ko`rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning amaldagi yo`nalishlari bo`yicha doimiy muloqotni davom ettirish va yangilarini ilgari surishga kelishildi.

    Boshqa yangiliklar