Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo`shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining navbatdagi yashirin aylanmasini fosh qilishdi. Bu haqda qo`mita Matbuot xizmati xabar berdi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postiga qo`shni mamlakatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi respublikamizda tranzit tarzida harakatlanib, Andijon viloyatidagi “Do`stlik” chegara bojxona posti orqali qo`shni davlatga chiqib ketishi lozim edi. Hujjatlarga ko`ra, unga 533 ta qopda 22 tonnadan ziyod kartoshka yuklangan.
O`rnatilgan tartibda ushbu transport vositasi postdagi inspeksion ko`rik majmuasi orqali ko`zdan kechirilganida, yuklarning rentgen tasviri bojxona xodimlarini shubhalantirib qo`ydi.
Natijada, avtomashinadagi kartoshka solingan 533 ta qopning 38 tasiga 1305 dona mohirlik bilan tayyorlangan kartoshka shaklidagi o`ramlar – giyohvandlik vositalari joylangani fosh bo`ldi.
Mazkur o`ramlardagi “gashish” giyohvandlik vositasining umumiy og`irligi 154 kg. 90 gr.ni tashkil qildi.
Ma`lumot o`rnida aytib o`tish kerakki, qonunbuzarlar o`z qing`irligini yashirish maqsadida har bir o`ramga polietilen, nusxa ko`chirishda foydalaniladigan qora qog`oz va germetik skotch yordamida ishlov berishgan.Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atildi.






