Bugun 28 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O`zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda dastlab fraksiya a`zolari “Er osti boyliklari to`g`risida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda muhokama qilishdi.
Mazkur qonun loyihasi xorijiy tajriba va xalqaro tashkilotlar fikrlari va takliflari asosida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasida er qa`ri uchastkalarining resurslari, er osti boyliklaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari ro`yxati va ularning vakolat doiralari aniq belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, er osti boyliklari to`g`risidagi ma`lumotlarning (ruxsatnoma berilganligi, er qa`ridan foydalanuvchilarning yillik xarajatlari, ruxsatnomani boshqa shaxsga o`tkazilganligi, mahalliy ish kuchi va xizmatlarni ta`minlash uchun ajratilishi lozim bo`lgan xarajatlar miqdori) ochiqligi, shuningdek, er qa`ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnomani olish tartibi tubdan soddalashtirish ko`zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan er qa`ri uchastkalaridan foydalanish tartib-taomillari takomillashtirilmoqda, o`rganilganlik darajasi va kon ochish salohiyati yuqori bo`lgan maydonlardan geologik jihatdan o`rganish uchun foydalanish hamda aniqlangan konlardan foydali qazilmalarni qazib olish uchun foydalanish huquqini beradigan ruxsatnomalarni “E-auksion” yagona elektron savdo maydonchasida o`tkaziladigan auksion natijalariga ko`ra berish belgilanmoqda.
Qonun loyihasi qizg`in muhokama etilib, berilgan savollarga tushuntirishlar berildi. Qonun loyihasi fraksiya a`zolari tomonidan qo`llab-quvvatlandi.
Kun tartibidagi masalalar fraksiya a`zolari tomonidan qo`llab-quvvatlanib, fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.