Kuni kecha Telegram kanallarning birida “"Damas" avtomobilining eshigi uzilib tushdi” deb nomlangan video tarqaldi. Bu esa jamoatchilik orasida turli xil mahokamalarga sabab bo`ldi.
"UzAuto Motors" yuz bergan voqea hodisani batafsil o`rganish uchun Komplaens xizmati tomonidan tekshirish ishlari olib borildi, deya xabar bermoqda "O`zavtosanoat" AJ.
O`rganishlar natijasida ma`lum bo`ldiki, "Damas" avtomobili eshigini yopmasdan turib harakatlanishni boshlagan. Ehtiyotkorsizligi sabab yo`l chetidan turgan “Nexia” avtomobilining bamperiga urilgan.
So`nggi vaqtlarda bunday yolg`on xabarlarning tarqalishini tez-tez kuzatmoqdamiz.
" Hurmatli mijozlarimizdan internet tarmog`ida tarqatilayotgan har qanday tekshirilmagan axborotlarga ishonib qolmasliklarini so`rab qolamiz!
Shuningdek, tuhmat, bila turib yolg`on hamda uydirmalarni tarqatganlik uchun Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 40-moddasida ko`zda tutilgan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 60 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`lishi hamda shunday harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilishini eslatib o`tmoqchimiz.
Kompaniya har qanday holatda xaridorlari va mijozlari bilan konstruktiv muloqotga hamda har qanday muammoni hal etishga tayyorligini, biroq bu kabi holatlar uchun qonuniy chora ko`rishga majbur bo`lishini ma`lum qiladi" – deyiladi kompaniya Matbuot xizmati bayonotida.






