Avvalroq, Turkiya va Rossiya prezidentlari Rajab Toyyib Erdo`g`on va Vladimir Putin yakshanba kuni Ukrainadagi voqealar yuzasidan muzokara o`tkazishi haqida xabar bergan edik. Bugun, 29 mart kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina vakillari o`rtasida yuzma-yuz muzokaralar bo`lib o`tdi.
Rossiya prezidentining yordamchisi, Rossiya delegasiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Istanbuldagi Dolmabaxche saroyida bo`lib o`tgan uchrashuv yakunlari bo`yicha o`z fikrlarini aytib o`tdi.
«Ukraina tomoni bilan muzokaralar yakunlandi. Muzokaralar konstruktiv o`tdi», — dedi u.
Medinskiyning so`zlariga ko`ra, Rossiya tomoni muzokaralar davomida Ukraina vakillaridan aniq shakllangan pozisiyani olgan.
Uning ta`kidlashicha, Rossiya Ukrainadan neytral va yadrosiz maqomga ega bo`lish istagini tasdiqlovchi yozma takliflar olgan.
Muzokara jarayoni matbuot uchun yopiq eshiklar ortida o`tkazildi. Unda Rossiya delegasiyasidan prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy ishtirok etmoqda.
Rossiya va Ukraina o`rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi 28 fevral kuni bo`lib o`tgan edi. Shundan so`ng delegasiyalar yana ikki marta uchrashdi. Keyingi muzokaralar video formatda tashkil etildi. Bundan tashqari, Antaliyadagi diplomatik forum doirasida ikki davlat tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Avvalroq turk OAVlari muzokaralar yakunlangani haqida xabar bergan edi. Muzokaralar 30 mart, chorshanba kuni davom etishi kutilmoqda.
Ukraina delegasiyasi muzokaralar o`tkaziladigan joyni allaqachon tark etgan.
Shuningdek, Rossiya mudofaa vazirligi Kiev va Chernigov yo`nalishlarida harbiy harakatlarni keskin qisqartirishga qaror qilgan. Bu haqda Rossiya Federasiyasi mudofaa vaziri o`rinbosari Aleksandr Fomin ma`lum qildi.
Uning so`zlariga ko`ra, bu qaror Rossiya va Ukraina o`rtasidagi betaraflik va yadrosiz maqom, shuningdek, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish bo`yicha muzokaralar munosabati bilan qabul qilingan.
«O`zaro ishonchni oshirish va keyingi muzokaralar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda yuqoridagi bitimni imzolash bo`yicha kelishish bo`yicha yakuniy maqsadga erishish maqsadida Kiev va Chernigov yo`nalishida harbiy harakatlarni tubdan, ba`zan qisqartirish to`g`risida qaror qabul qilindi», deydi mudofaa vaziri o`rinbosari.
Ma`lumki, 24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin LXR va DXR rahbarlarining yordam so`roviga javoban Donbassni himoya qilish uchun «maxsus harbiy operasiya» boshladi. Shundan so`ng Rossiya harbiy kuchlari Ukraina hududiga kiritildi.
Bunga javoban Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarini uzdi. Ko`plab davlatlar Rossiyaga, jumladan, Evropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSh Rossiya prezidenti Vladimir Putin, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kabi bir qator rasmiylar, shuningdek, tadbirkorlar va jurnalistlarga qarshi sanksiyalar kiritdi.






