Avvalroq, Bosh prokuraturaning ish vaqtida vafot etgan xodimining oilasiga nafaqa puli to`lab berilishi haqida xabar bergandik. Bosh prokuratura Matbuot xizmatining xabariga ko`ra, Bosh prokuratura tomonidan qonuniy kuchga kirmagan sudning hal qiluv qarorining asosliligi atroflicha o`rganiladi.
Mazkur xabar yuzasidan quyidagilar ma`lum qilinadi:
- birinchidan, prokuratura organlari tizimidagi har bir xodim va uning oila a`zolarining munosib ijtimoiy himoya qilinishidan birinchi navbatda Bosh prokuraturaning o`zi manfaatdordir;
- ikkinchidan, har qanday ijtimoiy himoya, xususan nafaqa pullarining to`lovi qonunga so`zsiz rioya qilingan holda amalga oshirilishi shart. Ayniqsa, byudjet intizomiga rioya etilishini nazorat qilishga mas`ul bo`lgan, aynan byudjetdan moliyalashtiriladigan prokuratura organlarida bu tamoyil ustuvor ahamiyatga ega. Binobarin, marhum xodim S.Rahmanovning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga tegishli to`lovlar qonunda belgilangan eng yuqori miqdorda to`lab berilgan;
- uchinchidan, hali qonuniy kuchga kirmagan fuqarolik ishlari bo`yicha Mirobod tumanlararo sudining N.Rahmanova da`volarini qisman qanoatlantirish to`g`risidagi hal qiluv qarorining asosliligi Bosh prokuratura tomonidan atroflicha o`rganiladi va tegishli munosabat bildiriladi.
Zotan, amaliyotda hatto qotillikda va boshqa og`ir jinoyatlarda ayblangan fuqarolarning quyi instansiya sudlari tomonidan asossiz oqlangani yoki aksincha, aybsizlar aybdor deb topilgani, prokuraturaning sa`y-harakatlari bilan esa, adolat qaror topganiga oid ko`plab ma`lumotlar jamoatchilikka yaxshi ma`lum.
Shu bois, sudlar tomonidan hali qonuniy kuchga kirmagan qarorlar yuzasidan shoshma-shosharlik bilan jamoatchilikka axborot berishning maqsadga muvofiq emasligini yana bir karra ta`kidlaymiz.






