AsosiyDunyo

Istanbulda belgilangan Rossiya va Ukraina o`rtasidagi ikki kunlik muzokara poyoniga etdi, natijada...

'Istanbulda belgilangan Rossiya va Ukraina o`rtasidagi ikki kunlik muzokara poyoniga etdi, natijada...'ning rasmi

Istanbulda Rossiya va Ukraina delegasiyalari o`rtasidagi muzokaralar yakunlandi. Na bo`lsada, umidlar bor. Ammo qator masalalarda pozisiyalar tarqoq. Kiev avvalo, Rossiyani qo`shinlarini chiqarishga chaqirmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari evaziga Ukrainaning betaraf mamlakat bo`lishiga qarshi emasligini bildirdi. “Ukraina uchun xalqaro xavfsizlik kafolatlarini o`z ichiga olgan bitim kabi muhim mavzularda muhokamalar ketyapti. Yana bir masala - barcha gumanitar muammolarni hal qilishga imkon beradigan sulhga erishish”, - dedi Zelenskiy idorasi maslahatchisi Mixaylo Podolyak. 

Rossiya muzokaralar natijasida Qrimning Rossiya hududi sifatida tan olinishiga umid qilyapti, biroq Ukraina delegasiyasining rahbari, Zelenskiy partiyasidan deputat David Araxamiyaga ko`ra, Ukraina 1991 yilda belgilangan chegaralaridan boshqasini tan olmaydi. Rossiya delegasiyasining rahbari, Prezident Vladimir Putinning maslahatchisi Vladimir Medinskiyning muzokaralardan so`ng aytishicha, Rossiya Kiev va Chernigov yo`nalishlari bo`yicha harbiy harakatlarini qisqartirishga qaror qildi.  “Ukrainaning o`zaro bitim loyihasiga kiritishni taklif etayotgan pozisiyasi Putinga etkaziladi”, - dedi Medinskiy. Maslahatchining so`zlariga ko`ra, rasmiy Kiev Qrim va Donbassni harbiy yo`l bilan qaytarish rejasidan qaytganini bildirdi. Medinskiy, shuningdek, Ukraina delegasiyasiga asirga tushgan rus harbiylariga yovuz munosabat haqida shikoyat qilgan va Ukraina tarafi bu ishga qo`l urganlarni jazolashga so`z bergan.

Qaysi mavzularda kelishildi, qaysilari ochiq qoldi?

Muzokaralarda Ukraina delegasiyasi safida ishtirok etgan Aleksandr Chaliy Ukraina tinchlik sulhi tuzishi uchun referendum o`tkazilishi va unda fuqarolar taklif etilgan kelishuv variantini ma`qullashi kerakligini aytib o`tdi. Tinchlik sulhi faqat o`t ochish to`liq to`xtatilganidan keyin imzolanishi mumkin. Keyin kelishuvni Ukraina parlamenti va garant-davlatlar parlamentlari ratifikasiya qiladi. O`z navbatida, Vladimir Medinskiy ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari kelishuvni tasdiqlagan vaqtda Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning uchrashuvi o`tkazilishi mumkinligini aytdi.  Shu vaqtgacha Rossiya tomoni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuv o`tkazish borasidagi taklifini e`tiborsiz qoldirib kelayotgandi. Shuningdek, tomonlar Qrim va Donbass masalasini alohida muhokama etishga kelishishgan. Ukraina tomoni shunday sxema taklif etgan:

Qrim va Sevastopol maqomi bo`yicha muzokaralar keyingi 15 yil mobaynida olib boriladi, tomonlar bu masala echimi uchun qurol qo`llamaydi. Donbassdagi «xalq respublikalari» maqomi va taqdiri masalasi alohida punktga kiritiladi, uni ikki mamlakat prezidentlari o`zaro uchrashuvda alohida muhokama qilishlari mumkin. Ukraina qator davlatlarning aniq va qat`iy kafolatlari mavjud bo`lgan taqdirda, yadroviy bo`lmagan va bloklardan xoli bo`lgan davlat maqomiga rozi bo`ladi.

Oldingi punkt (agar bu bo`yicha kelishuvga erishilgan taqdirda) amalda Ukraina hududida xorijiy harbiy bazalar va harbiy kontingentlar joylashtirilmasligi shartini nazarda tutadi. Ukraina hech qanday harbiy-siyosiy ittifoqlarga kirmasligi kerak. Ukraina hududida xalqaro harbiy mashg`ulotlar faqatgina kafil-davlatlar roziligi bilan o`tkazilishi mumkin bo`ladi. Ukraina taklifiga ko`ra, kelishuvda kafil-davlatlarning o`zaro hamkorligining samarali mexanizmi ham belgilanishi kerak. Bu mohiyatan NATO nizomidagi 5-modda bilan o`xshash (alyansning biror a`zosiga hujum butun alyansga hujum sifatida qaraladi).

Ukrainaga qarshi urush yoki qurolli agressiyaning boshqa shakli kuzatilsa, kafil-davlatlar uch kun ichida maslahatlashuv o`tkazishadi, keyin esa Ukrainaga yordam ko`rsatish ularning yuridik majburiyatiga aylanadi. Ukraina delegasiyasi vakili David Araxamiyaning aniqlik kiritishicha, bu takliflar hozircha Rossiya tomoniga topshirilgan va endi Kiev Moskvadan javob kutadi. Medinskiy esa Ukraina tomoni takliflarini murosaga eltuvchi konstruktiv qadam deb atadi va Rossiya ularni ko`rib chiqib, tegishli javobni berishini ma`lum qildi.

Medinskiy Rossiya Ukraina Evroittifoqqa a`zo bo`lishiga qarshi emasligi, Kievning takliflari Ukrainani xalqaro huquqiy kafolatlar ostida doimiy betaraf davlat deb e`lon qilishni nazarda tutishi, Ukraina Qrim va Donbassni harbiy yo`l bilan qaytarishga intilishlaridan voz kechishi, Ukrainaning xavfsizlik kafolatlari bo`yicha takliflari Qrim va Donbass hududlari uchun taalluqli emasligi haqida gapirgan.

Muzokaralar arafasida Financial Times Rossiyaning pozisiyasi yumshagani haqida yozgandi. Nashr ma`lumotiga ko`ra, Moskva dastlabki talablarining bir qismidan, jumladan Ukrainani «denasifikasiya» qilishdan voz kechgan. Shuningdek, nashr Rossiya Ukraina EIga a`zo bo`lishiga qarshi emasligi va NATOga kirmagan taqdirda, xalqaro xavfsizlik kafolati taqdim etishga rozi bo`lishi haqida yozgandi.

Peskov muzokaralar jarayoniga izoh berdi. 

  “Muzokaralar taqdiriga kelsak, bu qiziq savol, bugun yoki ertaga umid beruvchi nimadir bor yoki yo`qligini tushunamiz. Asosan, maxsus operasiya davom etmoqda”, - dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga. - Rossiya Qurolli Kuchlari Ukrainaning harbiy infratuzilmasini yo`qqilmoqda. Rossiya harbiy xizmatchilari Kiev yaqinidagi Ukraina harbiylari guruhini ta`minlovchi omborlarni yo`q qilishdi.

Rossiya muzokaralarni qanday natijaga erishdi, deb hisoblashi haqidagi savolga javoban Kreml vakili ularning mazmuniga aralashishni istamasligini aytdi. “Muzokaralar osoyishtalikda o`tishi kerak. Keyin umid bor yoki yo`qligini aytamiz”, - dedi Peskov. 

Bir kun avval Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Rossiya bilan kutilayotgan muzokaralar haqida gapirdi. Uning so`zlariga ko`ra, minimal dastur gumanitar masalalarni muhokama qilishni, maksimal dastur o`t ochishni to`xtatish va bu borada barqaror kelishuvga erishishni o`z ichiga oladi. Uning qayd etishicha, hozircha tomonlar biron-bir band bo`yicha kelishuvga erishmagan. Shu bilan birga, Turkiya prezidenti idorasi muzokaralar matbuot uchun yopiq o`tkazilishini belgilab berdi.

Tomonlar Belarusda allaqachon uchta yuzma-yuz uchrashuv o`tkazgan. Rossiya Federasiyasining Donbassni himoya qilish bo`yicha maxsus operasiyasi fonida Rossiya va Ukraina o`rtasidagi muzokaralar 28 fevral kuni Gomel viloyatida boshlangan. Keyin ular 3 va 7 mart kunlari Belovejskaya Pushchada davom etdi. Muzokaralarning uchinchi bosqichi yakunlari bo`yicha Rossiya delegasiyasi rahbari Vladimir Medinskiy hech qanday hujjatlarni imzolashning imkoni yo`qligini ta`kidladi. Biroq uchrashuvlardan birida diplomatlar gumanitar yo`laklarni tashkil etish bo`yicha kelishib oldilar. Keyin muzokaralar videoaloqa orqali davom ettirildi. 

Fayzullo Abdulboqiev

    Boshqa yangiliklar