AsosiyJinoyat

Andijonda aka ukasini bir qop bug`doy talashib o`ldirdib qo`ydi

'Andijonda aka ukasini bir qop bug`doy talashib o`ldirdib qo`ydi'ning rasmi

Andijon viloyati Izboskan tumanida bir qop bug`doy tufayli boshlangan oilaviy janjal o`lim bilan yakun topdi. Viloyat sudi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha,  ukasining o`limiga sabab bo`lgan K.B. spirtli ichimlik ta`sirida bu jinoyatni sodir etgan.

Aniqlanishicha, hududdagi fermer xo`jaliklaridan birida mirob bo`lib ishlovchi 57 yoshli K.B. ukasi I.B.ning uyiga kirib, o`ziga tegishli hamda avvaldan saqlab kelinayotgan bug`doyning bir qopini olib chiqib sotmoqchi bo`ladi. Shu vaqt ko`chadan velosiped etaklab kirib kelgan ukasi akasidan bug`doyni joyiga qaytarib qo`yishini so`ragan. K.B. ukasining talabini rad etib, bug`doyni yozda fermer xo`jaligida ishlab topgan ish xaqi evaziga olganini, shu bois xohlasa sotishini ma`lum qilgan.

Aka-uka o`rtasida janjal yuzaga kelib, K.B. zinada turgan pichoqni I.B.ning ko`krak qafasiga tiqqan. Ko`rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, I.B. shifoxonaga etib bormay, yo`lda vafot etgan. Jinoyat ishlari bo`yicha Xo`jaobod tumani sudida bo`lib o`tgan sud majlisida K.B. jinoyatni qasddan sodir etmaganini ta`kidlagan.

"Ukam meni bir necha marta urgach, qon bosimim pasayib, qarshilik qilishga kuchim etmay qoldi. Unga pichoqni ko`rsa yaqinlashmaydi, deb o`ylab, po`pisa qilmoqchi bo`lgandim, xolos. Biroq kutilmaganda shu ish sodir bo`ldi. To`g`ri, shu kuni dalaga suv qo`yish uchun chiqib ketayotib, bir piyola vino ichganman. Ammo ukamni o`ldirish niyatim bo`lmagan, uning uyiga pichoq ham olib bormaganman, qilmishimdan qattiq pushaymonman", — deb ko`rsatma bergan sudlanuvchi.

Jinoyat ishini ko`rib chiqqan sudyaning qayd etishicha, sud K.B.ga jazo tayinlashda uning pushaymonligini, ilgari sudlanmaganini, keksa yoshda ekani, oilaviy sharoiti og`irligini jazoni engillashtiruvchi, jinoyatni spirtli ichimlik iste`mol qilib mast holatda g`arazli va past niyatlarda sodir etganini esa og`irlashtiruvchi holatlar deb hisoblab, 8 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqidagi to`xtamga kelgan.

Shuningdek, mazkur hukm bilan sudlanuvchidan jabrlanuvchi, ya`ni marhumning rafiqasi foydasiga 6 million so`m moddiy, 15 million so`m ma`naviy zarar undirilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar