“UzAuto Motors” AJ Asaka shahridagi zavodida yangi Chevrolet Tracker-2 avtomobilini seriyali ishlab chiqarishni yo`lga qo`yishga tayyorgarlikning navbatdagi bosqichi boshlandi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar bermoqda.
Test sinov tariqasida ishlab chiqarilgan Tracker avtomobillari "Non saleable", ya`ni "Sotuv uchun mo`ljallanmagan". Sotuv uchun mo`ljallanmagan avtomobillarning ishlab chiqarilishi, yig`uv jarayonidagi barcha zaruriy bosqichlarni sinab ko`rish hamda qayta ishlash imkonini beradi.
Tracker avtomobili ishlab chiqarilishini yo`lga qo`yishga tayyorgarlik jarayonida sinov uchun 16 dona avtomobil ishlab chiqariladi. Keyinchalik ushbu avtomobillar notekis yo`lda harakatlanish va iqlim sharoitiga moslashuvchanligi tekshiruvdan o`tkaziladi.
– Ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish va sinovdan o`tkazishga tayyorgarlikning barcha bosqichlari reja asosida olib borilmoqda, kamchiliklar aniqlanmadi, – deydi loyiha rahbari Tolibjon Samsoqov.
Avval xabar berilganidek, "UzAuto Motors" AJ joriy yilning yozida Chevrolet Tracker-2 avtomobilini ishlab chiqarishni yo`lga qo`yishni rejalashtirmoqda.
Avtomobil LED yoritgichli kunduzgi chiroqlar, rangli 8 dyumli sensor displey Chevrolet MyLink, 6 dinamikli multimedia tizimi, ko`pfunksiyali rul, kondisioner, panoramali lyuk va orqa oyna istish tizimi, old va orqa oyna elektropodyomnik bilan jihozlangan.
Chevrolet Tracker avtomobili 6 ta xavfsizlik yostiqchalari, orqa ko`rinish kamerasi, shinalar bosimi monitoringi tizimi, barqarorlikni nazorat qilish tizimi (ESP), tormoz (ABS) tizimi, tepalikka ko`tarilishga yordam tizimi (HSA), orqa parktroniklarva bolalar o`rindig`i Isofix xavfsizlik texnologiyalariga ega.






