AsosiyJamiyat

O`zbekiston-Xitoy: hamkorlikning 30 yilligiga bag`ishlangan konferensiya bo`lib o`tdi

'O`zbekiston-Xitoy: hamkorlikning 30 yilligiga bag`ishlangan konferensiya bo`lib o`tdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 dekabrdagi “O`zbekiston va Xitoy o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligini nishonlash to`g`risida” gi dasturini amalga oshirish maqsadida joriy yilning 29 mart kuni O`zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlikda “O`zbekiston-Xitoy: barqaror taraqqiyot yo`lida hamkorlik” mavzusida ilmiy-amaliy anjumanini o`tkazdi.

Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Szyan Yan xonim, ShHTning Xitoy yaxshi qo`shnichilik, do`stlik va hamkorlik qo`mitasi Bosh kotibi Chjen Vey xonim, Shanxay Global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar Akademiyasining Ijrochi Prezidenti – prof. Yang Cheng va O`zbek-Xitoy Konfusiy institutining xitoy tomonidan direktor - doktor Yang Shixular ishtirok etishdi.

Anjumanda O`zbekiston nomidan O`zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchisi F.Arziev, Tashqi ishlar, Madaniyat, turizm va sport vazirliklarining yuqori martabali mutasaddilari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Fanlar Akademiyasining ilmiy mutaxassislari ishtirok etishdi.

Xitoy elchisi Szyan Yan o`z nutqida Xitoy va O`zbekiston 30 yil davomida siyosiy jabhadagi o`zaro ishonchni sezilarli darajada mustahkamlaganini ta`kidladi. Tenglik, o`zaro hurmat va manfaat tamoyillariga amal qilgan holda, tomonlar mustaqillik, suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilishda bir-birlarini qat`iyat bilan qo`llab-quvvatlaydilar va ichki ishlarga aralashishga qaratilgan har qanday urinishlarga qat`iy qarshi chiqadilar. Ikki mamlakat o`rtasidagi do`stlik va hamkorlik, strategik sheriklik munosabatlari izchil yo`lga qo`yilib, misli ko`rilmagan yuksaklikka ko`tarildi, deb ta`qidladi.

O`zbekistonda ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Q. Sobirov xalqlar o`rtasida o`zaro ishonchni mustahkamlash, shu asosda madaniyatlar va sivilizasiyalarni o`zaro yaqinlashtirish va boyitish, xalqlarning an`ana va urf-odatlarini chuqur anglash va hurmat qilish O`zbekistonning eng muhim ustuvor yo`nalishlaridan biri ekanini ta`kidladi. U so`nggi 30 yil ichida Xitoy va O`zbekiston o`rtasidagi hamkorlik har tomonlama rivojlanib, samarali natijalar berayotganini, ming yillar oldin Buyuk Ipak yo`lida ikki xalq o`rtasida o`rnatilgan do`stona va o`zaro manfaatli aloqalar avloddan-avlodga o`tib kelayotganligini aytib o`tdi.

Xitoyning yaxshi qo`shnichilik, do`stlik va hamkorlik bo`yicha qo`mitasi Bosh kotibi Chjen Vey, ShHTning porloq kelajagini birgalikda yaratish yo`lida tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta`minlash masalalari Xitoy qo`mitasi faoliyatining eng ustuvor yo`nalishlaridan biri ekanligini, hamda o`zaro almashinuv va hamkorlik istiqbollarini kengaytirishni ta`kidlar ekan, ShHTga a`zo davlatlar, biznes hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o`rtasidagi do`stlikni mustahkamlash, tashkilotga a`zo mamlakatlar uchun uzoq muddatli rivojlantirish uchun ijtimoiy asos bo`lishini aytib o`tdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar iqtisodiyotning turli zamonaviy tarmoqlari, jumladan infratuzilmani rivojlantirish, sanoat, muqobil energetika, “yashil” va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat, sun`iy intellekt, sog`liqni saqlash sohalarida o`zbekistonlik mutaxassislarni malakalarini oshirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik bo`yicha takliflarni ilgari surdilar va tadbir yakunida uning ishtirokchilari quyidagi xulosalarga kelishdi:

O`zbekiston va Xitoyning turli sohalardagi davlat siyosati izchil va samarali rivojlanish yo`nalishiga ega. Ishbilarmon va tadbirkor doiralar, madaniyat, ta`lim va boshqa sohalar vakillarining ko`plab o`zaro tashriflari, qo`shma anjumanlar, seminarlar, forumlar va ko`rgazmalar tomonlarning aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratayotgan diqqat-e`tiborlaridan dalolat beradi.

So`nggi yillarda ilmiy-ma`rifiy, madaniy-ma`rifiy ishlar o`ziga xos faollik bilan tus ola boshladi va O`zbekiston bilan Xitoy o`rtasida yirik qo`shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu o`rinda ilmiy-amaliy anjumanning barcha ishtirokchilari qardosh mamlakatlarimiz o`rtasida o`zaro ishonch va yaxshi qo`shnichilikni yanada rivojlanishi, qo`shma loyihalarni amalga oshirish yo`lida munosib hissa qo`shishiga ishonch bildirishdi.

    Boshqa yangiliklar