2021 yilda prokurorlar tomonidan 29 mingdan ziyod tadbirkor faoliyatini yo`lga qo`yishga, 124 nafar shaxsning oqlanishiga amaliy yordam ko`rsatilgan.
Bu haqda AOKAda bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Prokuratura organlari tomonidan «Inson qadrini ulug`lash va faol mahalla yili» Davlat dasturining 2022 yil 1-chorakdagi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar hamda 2021 yildagi faoliyati yakunlari borasida ma`lumot berildi.
Prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari bo`yicha dastlabki tergovni amalga oshirishda qonuniylikni ta`minlashga alohida e`tibor qaratilgan.
Jumladan, 2021 yilda prokuratura organlari tomonidan 12.275 ta jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari o`tkazilgan. Shundan 10.990 nafar shaxsga nisbatan 6.656 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan.
Har bir hududda jinoyatchilik holati va ko`rilgan choralar chuqur tahlil qilinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 531 ta muvofiqlashtiruvchi kengashlari yig`ilishlarida tanqidiy muhokama qilindi va aniq chora - tadbirlar belgilanib, ijroga qaratildi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish yuzasidan 27.684 ta targ`ibot tadbirlari, shu jumladan 5.903 marta ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, sudlarda prokurorning ishtirokini ta`minlashda asosiy e`tibor sudyalar mustaqilligiga qat`iy rioya etilishini ta`minlash, sud ishlariga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, o`zaro tortishuv tamoyili asosida odil sudlovning amalga oshirilishiga ko`maklashishga qaratildi.
Sudlarda ishlar ko`rilishida prokuror vakolatlarini ta`minlash maqsadida:
- 47.755 ta jinoyat, 9.899 ta fuqarolik, 3.387 ta iqtisodiy hamda 11.850 ta ma`muriy ishlarning sudlarda ko`rilishida prokuror ishtiroki ta`minlandi;
- prokurorlar protesti asosida jinoyat ishlari bo`yicha sudlarning 2.144 nafar shaxsga nisbatan qarorlari, shuningdek fuqarolik sudlarining 268 ta, iqtisodiy sudlarning 134 ta va ma`muriy sudlarning 556 ta qarorlari qonunga muvofiqlashtirildi;
- prokurorlar tashabbusi bilan 124 nafar shaxs oqlandi;
- –yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida Oliy sud Plenumi qarorlariga 77 ta taklif kiritildi.
Prokuratura organlari tomonidan 2021 yilda fuqarolarning ijtimoiy huquq va erkinliklari himoyasiga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni ta`minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Bu jarayonda asosiy e`tibor aholi bandligini ta`minlash, sog`lig`ini saqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo`llab-quvvatlash, ish haqi, pensiya va nafaqalarning o`z vaqtida to`lanishiga doir qonunchilik ijrosiga qaratildi.
Mazkur sohadagi nazorat tadbirlari davomida:
- 26 mingdan ziyod prokuror nazorati hujjatlari qo`llanildi;
- qonunbuzilishi sabablarini bartaraf etish borasida 3.900 dan ortiq taqdimnomalar yuborildi;
- sudlarga qariyb 14 mlrd. so`mni undirish borasida 35 mingdan ziyod arizalar kiritildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sub`ektlari huquqlarini himoya qilish, shu jumladan, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, noqonuniy tekshirish o`tkazish hamda murojaatlarini ko`rib chiqishdagi qonunbuzilishi holatlarining oldini olish borasida o`tkazilgan nazorat tadbirlarida:
- 885 nafar mansabdor shaxslar intizomiy, ma`muriy va moddiy javobgarlikka tortildi;
- 619 ta noqonuniy hujjatlarga protest keltirildi;
- 14.749 nafar tadbirkorlarning buzilgan huquqlari tiklandi.
Prokurorlar tomonidan 29 mingdan ortiq tadbirkorlarning faoliyatini yuritishda, shu jumladan kredit, er maydoni, bino ajratilishida, lisenziya va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirilishida, muxandislik tarmoqlariga ulanilishida amaliy yordam ko`rsatilgan.
Hamkorlikda ko`rilgan choralar natijasida 16.871 ta yangi tadbirkorlik sub`ekti tashkil etildi, 6.804 ta tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyati tiklandi.
Voyaga etmaganlarning nazoratsizlik va huquqbuzarliklarining oldini olish, ularni huquqiy himoyasini ta`minlash va ma`naviy-axloqiy tarbiyasini kuchaytirish maqsadida:
– 12.170 ta huquqiy targ`ibot tadbirlari o`tkazilgan;
– 18.803 ta prokuror nazorati hujjatlari qo`llanildi;
– 115.678 nafar voyaga etmaganlarning buzilgan huquqlari tiklandi;
– 13.654 nafar shaxs intizomiy, ma`muriy va moddiy javobgarlikka tortildi.






