Joriy yilning 28 mart kuni soat 00:30 larda Farg`ona viloyati Dang`ara tumanida yashovchi 50 yoshli D.A. vaqtincha ustachilik qilib yashab kelayotgan Angren shahar G`afur G`ulom ko`chasida joylashgan xonadonda sherigi Dang`ara tumanida yashovchi 47 yoshli A.U. bilan birgalikda spirtli ichimlik iste`mol qilishib mast bo`lib, o`zaro janjallashib, qolishadi. Natijada, A.D. shisha sinig`i bilan A.U.ni bo`yin, bel va qo`l sohalarini kesib yuborib, tan jarohati etkazgan. A.U. olgan tan jarohatlari bilan Angren shahar Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Shahar Tibbiyot birlashmasining birlamchi tibbiy ma`lumotnomasiga ko`ra, A.U.da “boshining sochli sohasini ko`plab kesilgan jarohati, chap taraflama bo`yin sohasi paylarining va qon tomirlari kesilgan jarohati, chap kaft va qo`l sohasini kesilgan jarohati, chap qo`li birinchi barmog`i hamda bel sohasini chuqur kesilgan jarohati” borligi, ushbu aniqlangan jarohatlar hayot uchun xavfli bo`lgan “og`ir” turdagi jarohatlar ekanligi ko`rsatib o`tilgan.
Mazkur holat yuzasidan Angren shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan D.A.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, u prosessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.






