AsosiyJamiyat

Prezident yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga muhim topshiriq yukladi

'Prezident yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga muhim topshiriq yukladi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari iqtisodiy kompleks rahbarlariga makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish bo`yicha ta`sirchan choralarni davom ettirishga ko`rsatma berdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Buning uchun hudud va tarmoq xarajatlarini 10 trillion so`mga qisqartirish talab etiladi.

Prezident yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga:

- moliyaviy manbasi aniq bo`lmagan qurilishlarni boshlash;

- bino ta`mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish kabi qo`shimcha xarajatlarni amalga oshirishni qat`iyan taqiqladi.

Bosh prokuraturaga byudjet tashkilotlarida ushbu xarajatlarning oldini olish ustidan tizimli nazorat o`rnatish va viloyat kesimida har hafta Prezidentga axborot berish topshirildi.

"Bu – mablag`lar olib qo`yiladi, degani emas. Barcha iqtisod qilingan mablag`lar ushbu hudud va tarmoqning rivojlantirish dasturiga yo`naltiriladi", dedi Shavkat Mirziyoev.

Shuningdek, hudud va tarmoqlar rahbarlariga 2022 yil 1 apreldan boshlab davlat dasturlaridan tashqari byudjetdan ssuda berish va banklarga depozit qo`yishni to`xtatishga topshiriq berildi.

Har bir tarmoq va hudud rahbari bugundanoq aniq hisob-kitob qilib, uch kun muddatda o`z rejalarini ishlab chiqishi kerakligi ko`rsatib o`tildi.

Soliq va Bojxona qo`mitalariga tushumlarni ta`minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, o`tgan haftada 1,5 mingdan ziyod davlat mulkini savdoga chiqarish bo`yicha imzolangan Prezident qarori ijrosini ta`minlash bilan bog`liq vazifalar belgilab berildi.

Masalan, 2022 yil 1 mayga qadar 50 mingta (4,5 ming gektar) er uchastkalarini savdoga chiqarish nazarda tutilgan. Biroq, Samarqandda hozirgi kungacha bor-yo`g`i 6 ta er uchastkasi elektron savdolarga qo`yilgan. Qolgan hududlarda esa bironta er uchastkasi savdoga chiqarilmagan.

Ikki hafta muddatda ushbu erlarni to`liq auksionga chiqarib, 1 iyulga qadar ularning kamida 50 foizi sotilishini ta`minlash vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar