SSV Matbuot xizmatining xabar berishicha, sog`lomlashtirish aksiyasi uchun Qashqadaryoga jami 150 nafardan ortiq mutaxassislardan iborat tibbiy guruh jalb qilingan.
Ta`kidlanishicha, aksiya ikki bosqichda tashkil etilyapti. Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida viloyatning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni o`rganadi, fuqarolar o`rtasida sog`lom turmush tarziga amal qilish, jumladan, kasalliklar profilaktikasi bo`yicha targ`ibot tadbirlarini o`tkazadi.
Asosiysi, davolanishga muhtoj bo`lgan aholi toifasining hududlar kesimidagi ro`yxati shakllantirilib, og`irlik darajasi bo`yicha tasniflanadi. Yuqori texnologik amaliyotlarga muhtoj bo`lgan bemorlar Davlat tibbiy sug`urtasi va tegishli fondlar mablag`lari hisobidan operasiyaga tavsiya etiladi.
Bu orqali, birinchi navbatda, aholi qatlamiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirish ko`zda tutilgan. Shuningdek, aksiya davomida mobil mammografiya, ko`chma laboratoriya va maxsus jihozlangan mobil tibbiy avtomashinalarda uzoq hududlarga borib, aholi salomatligini yaxshilashga ko`maklashish maqsad qilingan.
Ikkinchi yo`nalishda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan Chiroqchi tumanida namunaviy yalpi tekshiruvlar amalga oshiriladi. Bunda tumandagi barcha aholi qatlamlarini qamrab olish, hududning tibbiy salohiyatini o`rganish, muammolarga shu erning o`zida echim topish maqsadida sayyor qabullar o`tkaziladi.
Ya`ni, maxsus ishchi guruh tumandagi barcha tibbiy yordamga ehtiyoji bo`lgan bemorlarni davolash jarayoniga yo`naltirishni, tuman tibbiyotining moddiy-texnik bazasi, dori-darmon, davolash va kadrlar bo`yicha barcha muammolariga echim topadi.
Yakunda Chiroqchi tumani bo`yicha o`rganishlar tahlil qilinib, bu tajriba natijadorligiga ko`ra, butun respublikaga tatbiq qilinishi rejalashtirilgan.
Shu kunlarda ushbu yo`nalishlar doirasida og`ir kasalliklarga chalingan, yuqori texnologik jarrohlik muolajasiga muhtoj bemorlarda davlat hisobidan operasiyalar boshlab yuborildi. Bu amaliyotlar respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan borgan etakchi shifokorlar boshchiligida bajarilyapti.
Xususan, so`nggi ikki kunda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali va viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi kabi qator muassasalarda o`nlab shunday murakkab operasiyalar muvaffaqiyatli o`tkazildi.
Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari tashkil etish, zarur hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yo`lga qo`yish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish bo`yicha ham zarur chora-tadbirlar belgilangan.
Ushbu sog`lomlashtirish aksiyasida byurokratik to`siqlarsiz, aholini sarson qilmasdan, ularning xonadonigacha kirib borib, dardlariga malham bo`lish ustuvor vazifa qilib olingan.






