Davlat test markazi O`zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari bekor qilinishi mumkinligi haqida tarqalayotgan xabarlar bo`yicha bayonotini e`lon qildi.
Ma`lum qilinishicha, Davlat test markazi tomonidan 2020-yilda “Umumta`lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi hamda oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikasiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida” qaror loyihasi tayyorlangan.
– Mazkur qaror loyihasida dastlab tajriba-sinov tariqasida Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumta`lim muassasalari bitiruvchilarining, keyinchalik esa barcha umumta`lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi hamda oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlari unifikasiya qilinib, yagona test sinovlarini o`tkazish yo`lga qo`yilishi ko`zda tutilgan.
Shuningdek, qaror loyihasida avvalgi yillarda ta`lim muassasalarini tugatganlar belgilangan muddatlarda bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga mos fanlar va majburiy fanlardan test sinovlari topshirishi belgilangan.
Ya`ni imtihonlar unifikasiya qilinishi OTMlarga kirish imtihonlarining to`liq bekor bo`lishini anglatmaydi, balki umumta`lim muassasalari bitiruvchilari 2 marotaba imtihon topshirish (yakuniy davlat attestasiyasi va OTMlarga kirish test sinovlari) o`rniga yagona test sinovi orqali yakuniy davlat attestasiyasini topshirib, shu test natijasi bilan OTMlarga kirish imkoniyatiga ega bo`lishini bildiradi, – deyiladi bayonotda.
Eslatib o`tamiz, DTM bosh boshqarmasi boshlig`i Farhod Mirzaev "2021/2022 o`quv yili uchun oliy ta`lim muassasalariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik holati" mavzusida o`tkazilgan matbuot anjumanida O`zbekistonda kelgusida OTMlarga kirish imtihonlari bekor qilinishi mumkinligini, kirish imtihonlaridan voz kechilsa, abiturienlar maktab imtihonlari natijalariga asosan OTMga qabul qilinishi ma`lum qilgan edi.
Balki DTM mas`ulining ushbu chiqishi O`zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari bekor qilinishi mumkinligi haqidagi xabarlarga asos bo`layotgandir.






