Alloh taolo mo`min bandalariga o`ta karamlidir. U insonlarning amallarini kengligi osmonlaru Ercha bo`lgan jannat bilan taqdirladi. Mo`minlar jannatga barchasidan kirishlari uchun har bir darvoza oralig`idagi masofani qirq yillik yo`l qilib qo`ydi. Rivoyatlarda zikr qilinishicha, jannatga kiruvchilar shu qadar ko`p bo`ladiki, hatto bunday keng darvozalarda ham tiqilinch hosil bo`ladi.
Shunday bo`lsa-da, ro`zadorlar jannatga kirishlari uchun alohida darvoza bilan xoslandi. Payg`ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qiladilar: «Jannatda “Rayyon” deb nomlanuvchi darvoza bor. Qiyomat kuni undan faqat ro`zadorlar kiradi. (Qiyomatda) “Ro`zadorlar qaerda?” deb nido qilinadi. Bas, (ro`zadorlar) o`rnilaridan turishadi. (Darvozadan) ulardan boshqa hech kim kirmaydi. (Barchalari) kirib bo`lgach, darvoza berkitiladi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh “Fathul Boriy”da bunday deydi: «Hadisda “jannatda”deyildi, “jannat uchun”deyilmadi. Sababi, jannatdagi mazkur darvozadan kirganlarga rohat-farog`at borligini his ettirish, unga nisbatan zavq-shavqni oshirishdir».
“Rayyon” lafzi tashnalikning ziddi – “chanqoqni qondirish” ma`nosini anglatadi. Demak, lafz bilan ma`no o`zaro uyg`un. “Rayyon” deb nomlanishiga yana bir sabab shuki, unda juda ko`p daryolarning mavjudligidir. Ya`ni, dunyoda ixlos bilan tutilgan ro`za evaziga qiyomatda ro`zadorning chanqog`i qondiriladi. Jannatda esa, salqinlik bardavomdir. “Rayyon” lafzi “chanqoqni qondirish”ni ifodalasa-da, to`qlikka ham ishoradir. Zero, chanqoqning bostirilishi to`qlikka ham dalolat qiladi. Bunday gap bor: “Ro`zadorni ko`proq ochlik qiynaydi. Chunki ko`pchilik suvsizlikka chidashi mumkin, lekin ochlikka sabr qilish qiyin”.
Bu ta`rif ro`zadorning holiga munosibdir. Alloh taolo bunday deydi: «Do`zax egalari jannat egalariga: “Bizga ham suvdan yoki Alloh sizga rizq qilib bergan narsadan to`kinglar”, deb nido qiladilar. Ular: “Albatta, Alloh bularni kofirlarga harom qilgan”» (A`rof surasi, 50-oyat).
Rayyondan kirish uchun ro`zador ro`zasining savobi kamaymasligi kerak. Chunki ro`zada taom, ichimlik va boshqa hissiy narsalardan tiyilishgina emas, balki ajrni kamaytiruvchi barcha narsalardan saqlanish vojibdir.
E`tibor beraylik, Rayyondan kirish Ramazonning farz ro`zasini tutuvchi ro`zadorlar uchun xoslanayotgani yo`q. Boisi Ramazon ro`zasini barcha musulmonlar tutadi. Rayyon darvozasidan kiruvchilar deb farz ro`zalarga nafl ro`zalarni ergashtiruvchilar aytilyapti.
Bu esa ro`zaning Parvardigor nazdida qanchalik yuksak maqomga ega ekanini anglatadi. Nabiy alayhissalom ham buni yanada yorqinroq ifodalab: «“Ro`zadorlar qaerda?” deb nido qilinadi. Bas, (ro`zadorlar) o`rnilaridan turishadi. (Darvozadan) ulardan boshqa hech kim kirmaydi. (Barchalari) kirib bo`lishgach, darvoza berkitiladi», deb bashorat bermoqdalar.
Ba`zi olimlarning fikricha, qiyomatda ro`zadorlarga qilinadigan ushbu nido ularni ulug`lash, hurmatlash, amallarining savobi buyuk ekanini bildirish uchundir.
Jannat darvozalari sakkiztadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o`sha darvozalarni birinchi bo`lib ochib, ularga kiruvchidirlar. So`ngra barcha mo`minlar amaliga muvofiq darvozadan kiradi. Chunki hammaning o`ziga yarasha turli yaxshi amallari bor, jannatga kirish imtiyozlariga egadir. Lekin Rayyon darvozasi orqali kirolmaydi. Yaxshi amallarda peshqadamlar jannatning barcha eshiklaridan chaqirilishga haqli bo`ladi. Fikrimizni Nabiy alayhissalomning bashoratlari tasdiqlaydi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ota-onam sizga fido bo`lsin, yo Rasululloh! Qiyomatda nido qilinganlar faqat bitta eshikdan kirishadimi yoki hamma eshikdan chaqiriladigan biron kishi ham bo`ladimi?” deb so`radi. Nabiy alayhissalom: “Ha, bo`ladi. Siz o`shalardan bo`lishingizni umid qilaman”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Jannat ahli uchun ko`z ko`rmagan, quloq eshitmagan, bashar xayoliga kelmagan ne`matlar bor. Jannatda uzundan-uzoq soyalar, jilo sochuvchi nurlar, daryolar mavjud. Uning tuprog`i mushk va za`farondan. Toshlari yoqut va marjondan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Hamda O`zi ularga ta`riflab bergan jannatga kiritar”(Muhammad surasi, 6-oyat). Shuningdek, jannatda xonalar, ishkomlar, qasrlar bo`lib, behisht ahli o`z maskanini taniydi. Jannatdagi uylar tilladan bo`lib, bunga Payg`ambarimiz alayhissalom guvoh bo`lganlar. Alloh taolo u zotga jannatni ko`rsatgan.
Rivoyatda kelishicha, Nabiy alayhissalom jannatdagi tilladan barpo etilgan qasrning go`zalligidan ajablandilar. Qasr haqida so`radilar. U zot alayhissalomga: “Bu qurayshlik yigitga tegishli qasr”, deyildi. Payg`ambarimiz alayhissalom: “O`sha men bo`lsam kerak”, degan o`yda qasrning egasi kim ekanini so`radilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ekani aytildi. Nabiy alayhissalom Umar roziyallohu anhuga bu haqda xabar berar ekanlar: “Ey Abu Hafs, agar rashkchiligingni bilmaganimda, u erga kirgan bo`lardim”, dedilar. Umar roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan ushbu xabarni eshitib yig`ladi va: “Yo Rasululloh, sizdan rashk qilarmidim”, dedi (Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyati).
Payg`ambarimiz alayhissalomdan jannat uylarini tasvirlab berishlarini so`rashganda, bunday deganlar: “Jannat binolarining g`ishti kumushdan va tilladan. Suvog`i hidi kuchli, yoqimli mushkdan”(Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati). Bundan tashqari, shunday xonalar borki, tashqaridan uning ichi, ichkarisidan tashqari ko`rinadi. Uylarni omonlik va xotirjamlik qurshagan, suvlarning mayin jildirashi eshitiladi. Uylar atrofida go`zal ishkomlar bor. Jannatda g`ulom va xizmatchilar bo`ladi. Likopchalari tilladan. Huru iynlar u erda istiqomat qilishadi, tashqariga chiqishmaydi: “Chodirlarni lozim tutgan hurlar bor”(Ar-Rohman surasi, 72-oyat). Jannatda anhorlar bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...(daraxtlar) ostidan anhorlar oqib turgan jannat bor” (Buruj surasi, 11-oyat). Unda daraxtlar bor. Payg`ambarimiz alayhissalom: “Jannatda bir daraxt borki, otliq kishi uning soyasida yuz yil yurib ham, undan o`tolmaydi” (Imom Termiziy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Ixlos bilan tutilgan har bir ro`za – ibodat, solihlarning odati, muttaqiylarning shiorlaridir. U nafsni poklovchi, xulqni go`zallashtiruvchi, taqvo madrasasi, hidoyat manzilidir.
Barchamizga nafaqat Rayyon darvozasidan, balki jannatning barcha darvozalaridan chaqirilish nasib etsin. Rayyon darvozasi hamon ochiq.






