Qarshi shahridan yo`lga chiqqan maxsus jihozlangan mobil poliklinikalar, mammograf, flyurografiya va laboratoriya uskunalari o`rnatilgan avtomashinalar hamda tor ixtisoslikdagi mutaxassislardan iborat tibbiyot karvoni tuman markaziga etib keldi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qashqadaryo viloyatida boshlangan sog`lomlashtirish aksiyasi doirasidagi ushbu tadbirda vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy o`quv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislardan iborat maxsus guruhlar fuqarolarni qabul qilishga kirishdi.
Mamlakatimizning eng yirik tumanlaridan bo`lgan Chiroqchida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish bo`yicha muammolar talaygina. Yangi Ko`kdala tumani tashkil etilishi shu kabi qator masalalarni hal etish uchun hudud ikkiga ajratilmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan aholiga engillik yaratish maqsadida har ikki hududda alohida-alohida sayyor qabul o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Mahalliy hokimlik vakillari, birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari, mahalla faollari va hokim yordamchilari ko`magida har bir xonadonga kirib borildi va ularni sayyor qabulga jalb qilish choralari ko`rildi.
Yaxshi xabar tez tarqaladi. Sog`ligida muammosi bor aholi vakillari qabul punktiga kela boshlashdi. Bu erda har bir fuqaro tibbiy ro`yxatga olinib, tor soha mutaxassislari ko`rigiga yo`naltirilmoqda.
Murojaatchilar tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga ko`ra tasniflanib, ko`rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olinmoqda.
Yana bir e`tiborli jihati, yuqori texnologik amaliyotlar talab etiladigan bemorlarga shu erning o`zida order rasmiylashtirilyapti.
Sayyor qabul tumandagi barcha tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni qamrab olib, ularni davoga yo`naltirish to`liq amalga oshguniga qadar davom etadi.
Sayyor qabul davomida tibbiy yordamga ehtiyoji bo`lgan bemorlarni davolash jarayoniga yo`naltirish bilan birga, tuman tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori-darmon, davolash va kadrlar bo`yicha barcha muammolari ham hal etilishi kutilmoqda.
Ayni paytda poytaxtdan kelgan 150 nafardan ortiq mutaxassis guruhlar kesimida viloyatning boshqa hududlariga ham taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan muammolarni o`rganmoqda. Shu bilan birga, fuqarolar o`rtasida sog`lom turmush tarziga amal qilish, jumladan, kasalliklar profilaktikasi bo`yicha "Sog`lom turmush maktabi", "Endokrinologlar maktabi", "Kardiologlar maktabi" kabi targ`ibot tadbirlari o`tkazilyapti.
Shu kunlarda og`ir kasallikka chalingan, yuqori texnologik jarrohlik muolajasiga muhtoj qashqadaryolik bemorlarda davlat hisobidan operasiyalar ham boshlab yuborilgan. Bu amaliyotlar respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan borgan etakchi shifokorlar boshchiligida bajarilyapti.
Xususan, so`nggi ikki kunda Qashqadaryo viloyat ko`p tarmoqli tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali va viloyat bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi kabi qator muassasalarda o`nlab ana shunday murakkab operasiyalar muvaffaqiyatli o`tkazildi.
Shuningdek, yangi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari tashkil etish, zarur hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yo`lga qo`yish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish bo`yicha ham zarur chora-tadbirlar belgilangan.
Ta`kidlash joizki, tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotda belgilangan vazifalar ijrosi bo`yicha xuddi shunday tadbirlar Namangan viloyatida ham o`tkazilmoqda.
Sayyor qabul yakunida Chiroqchi tumani bo`yicha o`rganishlar tahlil qilinib, bu tajriba natijadorligiga ko`ra, butun respublikaga tatbiq qilinadi.






