Hodisa xavfli burilish joyida boshqaruvni yo`qotish oqibatida ro`y bergan.
YHXBBning dastlabki ma`lumotlariga ko`ra, kecha, 2022 yil 3 aprel kuni soat 13:00 larda, Toshkent viloyati, Ohangaron tumani hududidan o`tgan A-373 avtomobil yo`lida haydovchi, 1979 yilda tug`ilgan M.K. tirkama ulangan "Mercedes-benz" rusumli yuk transport vositasida harakatlanayotib, yo`lning 197-kilometriga etgan vaqtda, xavfli burilish joyida boshqaruvni yo`qotgan. Buning oqibatida yuk avtomobili va tirkama ag`darilgan.
Qayd etilishicha, hodisa natijasida tan jarohati olgan fuqarolar yo`q. FVB va YHXB xodimlari tomonidan haydovchiga amaliy yordam ko`rsatilib, YTH oqibatlari bartaraf etilgan.
"Ushbu YTH yuzasidan Ohangaron tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda. Barcha haydovchilardan yo`llarda ehtiyotkor bo`lib, qoidalarga rioya qilishlarini so`raymiz",-deyiladi xabarda.






