Pokiston bosh vaziri Imron Xon mamlakat parlamenti tarqatib yuborilganidan keyin bosh vazirlik lavozimidan chetlashtirildi, biroq bu lavozimda vaqtinchalik bosh vazir tayinlangunga qadar davom etadi. Bu haqda Ria Novosti xabar qildi.
“Pokiston Prezidenti tomonidan Pokiston Islom Respublikasi Konstitusiyasining 48-moddasi 1-qismi bilan birgalikda 58-moddaning 1-bandiga muvofiq, Pokiston Prezidenti tomonidan Milliy Assambleyani tarqatib yuborishi natijasida Imron Xon o`z faoliyatini darhol to`xtatdi”, - deyiladi mamlakat vazirlar mahkamasi xabarida.
Shu bilan birga, Pokiston prezidenti Orif Alviga ko`ra, Xon muvaqqat bosh vazir tayinlangunga qadar bu lavozimda qoladi.
“Imron Ahmadxon Niyoziy Pokiston Islom Respublikasi konstitusiyasining 224-moddasi “A”(4) bandiga muvofiq, muvaqqat bosh vazir tayinlangunga qadar bosh vazir bo`lib qoladi”, — deb yozdi Pokiston prezidenti tvitterdagi sahifasida.
Ma`lum qilinishicha, Pokiston prezidenti bosh vazirning taklifiga binoan mamlakat parlamentini tarqatib yubordi. Bu parlament spikeri o`rinbosari Qosim Suri bosh vazirga ishonchsizlik votumini rad etib, uni konstitusiyaning 5-moddasiga zid deb ataganidan ko`p o`tmay sodir bo`ldi. Ishonchsizlik votumini bekor qilish qarori muxolifat partiyalarini g`azablantirdi va ular bu qarorga sud orqali e`tiroz bildirishlarini aytdi.
Pokistonda 90 kundan keyin yangi parlament saylovlari bo`lib o`tadi.






