AsosiyJamiyat

“Notinch vaziyatdan xavotirlanib, O`zbekistonga qaytinglar, degandim...” Ukrainadan evakuasiya qilish vaqtida avtohalokat sabab vafot etgan namanganlik 20 yoshli yigitning otasini tingladik

'“Notinch vaziyatdan xavotirlanib,  O`zbekistonga  qaytinglar, degandim...” Ukrainadan evakuasiya qilish vaqtida avtohalokat sabab vafot etgan namanganlik 20 yoshli yigitning otasini tingladik'ning rasmi

Xabaringiz bor, avvalroq, O`zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov Ukrainadan evakuasiya qilinayotgan uch nafar o`zbekistonlik Polsha chegarasida avtohalokatga uchraganini ma`lum qilgandi. Vafot etganlar orasida — namanganlik 20 yoshli Otabek Hakimov ham bor. Ijodiy jamoamiz marhumning xonadonida bo`lib, xonadon sohibi Ravshanbek Nuriddinovning fojia tafsilotlari haqidagi hikoyasini tingladi.

“Orzulari bir dunyo edi”

— Ikki o`g`lim bor, to`g`rirog`i, bor edi. Endi kichik o`g`lim Oqilbek qoldi. Kattasi Otabek doim men bilan birga edi. O`zim bo`yoqchi-pardozchiman. Ko`p yil Rossiyada yashadim, ishladim. Otabek maktabning 9-sinfigacha Samarada o`qidi. Namanganga qaytgandan keyin bu erda tahsilni davom ettirib, ikki yil o`qib, 11-sinfni bitirdi.

Og`ir-vazmin, kamgap, mulohazali yigit edi. Bir dunyo orzulari bor edi. Siyosat, moliya, bank ishiga qiziqardi. Maktabni tamomlagandan keyin Moskvadagi universitetlardan biriga o`qishga kirdi. Pandemiya bo`lib, karantin kuchayganidan so`ng Moskvadan Namanganga qaytarib keldik. Bu erda qo`shma ta`lim dasturi asosida ikki yil O`zbekistonda, ikki yil Piterda o`qimoqchi edi. Lekin to`loviga kuchimiz etmadi.

Shundan keyin maktabdagi sinfdosh o`rtoqlari bilan “Polshaga ketaman”ga tushib qoldi. “U erda ham o`qiyman, ham ishlayman, sizga yordam beraman”, deb turib oldi. O`tgan yil oktyabr oyi oxirlarida ikki sinfdoshi bilan Ukrainaga ketdi. O`sha erda viza va boshqa hujjatlari tayyor bo`lgach, Polshaga o`tishlari kerak edi.

Hujjat tayyorlash jarayoni cho`zilib ketdi. Musofirchilikda bekor turmaylik, deb uch nafar sinfdosh ham Kievda o`ziga ish topdi. O`g`lim do`konda sotuvchilik qilgan, rus tilini juda yaxshi bilardi.

“Notinch vaziyatdan xavotirlanib,  O`zbekistonga  qaytinglar, degandim”

— Urush boshlanishi arafasida Rossiyaning Irkutsk shahrida edim. Notinch vaziyatdan xavotirlanib, 16 fevral kuni bo`lsa kerak, “o`g`lim, vaziyat notinch, imkon bo`lsa, O`zbekistonga qaytinglar”, dedim. “Dada, bizda hammasi yaxshi, xavotir olmang”, deb tasalli berdi. Urush boshlanganidan so`ng uch sinfdosh mashinada Polshaga yo`l olgan, ammo chegaradan o`tolmagan. Keyin nisbatan tinch bo`lgan Lvovga bormoqchi bo`lishganida yo`lda avtohalokatga uchrashgan.

Avtohalokatga nima sabab bo`lganini, to`g`risi, bilmayman. O`g`lim o`sha joyning o`zida, o`rtog`i Bekzod esa shifoxonada olamdan o`tdi. Sherzod hali ham shifoxonada, shifo bersin, joni sog` bo`lsin.

O`g`limning jasadini samolyotda Polshadan keltirishdi. U bu mamlakatga borishni juda orzu qilgandi, afsus, u erdan faqat jasadi keldi. 15 mart kuni o`g`lim va o`rtog`ining tobuti O`zbekistonga keltirildi. Bunga yordam berganlarning barchasini duo qilamiz.

Viloyat, shahar hokimlari, huquq-tartibot, sog`liqni saqlash idoralari vakillari kelishdi, hamdardlik bildirishdi, ko`mak ko`rsatishdi. Alloh ulardan rozi bo`lsin.

Ko`pchilik urush uzoqda, bizdan narida, deb o`ylaydi. Yo`q, urushning uzoq-yaqini bo`lmaydi. Ukrainadagi mojaro tufayli Namangandagi ikki oila suyangan tog`idan ajraldi. Bu qanchalik musibat ekanini navqiron o`g`il-qizlarini bevaqt yo`qotganlar biladi...

Azizbek ABDUVALIEV,

Namangandan “Darakchi”  uchun maxsus.

    Boshqa yangiliklar