AsosiyJamiyat

Adliyadagi ixchamlashuv ortidan kadrlar bilan bog`liq muammo yuzaga keldimi?

'Adliyadagi ixchamlashuv ortidan kadrlar bilan bog`liq muammo yuzaga keldimi?'ning rasmi

Shu kunlarda adliya tizimida olib borilayotgan ixchamlashuv jarayonlarida mehnat munosabatlariga oid turli savollar, turli talqinlar uchramoqda. 

Adliya vazirligi axborot xizmati munosabat bildirishicha, tizimni ixchamlashtirishdan ko`zlangan maqsad mamlakatimizda start berilgan keng ko`lamli ma`muriy islohotni amalga oshirishdan iborat.  

" – Ya`ni davlat organi tizimidagi ish o`rinlari qancha optimallashsa, shunchalik byudjet iqtisod bo`ladi. Ortiqcha bo`g`inlar kamaysa, boshqaruv samaradorligi oshadi va qaror qabul qilish engillashadi.  

Oldindan ko`zlangan maqsad ham shu edi. Kimlardir buni teskari talqin qilishida esa umuman mantiq yo`q.  

Ikkinchidan, Adliya vazirligi tomonidan qo`shib olinayotgan agentliklarda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlarga ogohlantirish xatlari berilgani rost. Biroq, ogohlantirish berilgan xodimlar faqat agentliklar xodimlari emas, balki hududiy adliya boshqarmalari xodimlari hamdir.  

Zero, Prezident farmoniga (https://lex.uz/docs/5914998) muvofiq, agentliklar va adliya boshqarmalarida bir-birini takrorlovchi lavozimlarni egallab turgan xodimlarning (agentliklar rahbariyati, boshqarma boshliqlari va ularning o`rinbosarlari, yuristlar, moliya-iqtisod, xo`jalik bo`limlari boshliqlari, tuman (shahar) adliya bo`limlari boshliqlari va davlat xizmatlari markazlari direktorlari) ichidan eng yaxshi mutaxassislarni adolat mezoni asosida joy-joyiga qo`yish shuni taqozo qiladi. 

Farmonning 13-bandi birinchi xatboshida vazirlikning yangi tashkil etilayotgan tarkibiy tuzilmalari shtatlari birinchi navbatda vazirlikka qo`shilayotgan Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual mulk agentligi tizimi xodimlari hisobidan to`ldirilishi belgilab qo`yildi", - deyiladi bayonotda. 

Farmon ijrosi yuzasidan qabul qilingan Adliya vazirligi buyrug`ining  
7-bandida mehnatni tashkil qilishdagi o`zgarishlar natijasida amaldagi xodimlar (ya`ni: Davlat xizmatlari agentligi, Intellektual mulk agentligi va hududiy adliya organlari xodimlari) joy-joyiga qo`yilgandan so`ng, ortib qolgan lavozimlar (birinchi navbatda) agentliklar hududiy tuzilmalarining boshqa xodimlari hisobidan to`ldirilishi nazarda tutilmoqda. 

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda “yangi tuzilmalardagi shtatlar adliya xodimlari orasidan to`ldiriladi” – degan ma`lumot mutlaqo asossiz. 

Uchinchidan, maqbullashtirish va shtat qisqarishi asosan rahbar lavozimlar hisobiga to`g`ri kelmoqda, tumandagi va xizmat ko`rsatuvchi bironta shtat qisqarmadi.  

Tumandagi rahbarlar esa yangidan tayinlanadi. Chunki, farmonning 13-bandi ikkinchi xatboshida ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o`zgarishlardan kelib chiqib, tuman (shahar) adliya bo`limlari va davlat xizmatlari markazlari rahbarlarini lavozimidan ozod qilish hamda ushbu lavozimni ichki tanlov asosida yuksak malaka va yuqori professional tayyorgarlikka ega boshqaruv kadrlari bilan to`ldirish belgilandi. 

Ya`ni, ushbu lavozimlar Adliya vazirligi va DXA tizimida ishlayotgan yuqori malakali va professional ish tajribasiga ega xodimlar orasidan ichki tanlovga asosan eng munosiblari bilan to`ldiriladi. 

Shu sababli, respublikada mavjud 207 nafar tuman (shahar) adliya bo`limi boshliqlari va 207 nafar Davlat xizmatlari markazlari direktorlari ichki tanlov natijasida Mehnat kodeksining 92-moddasi talablaridan kelib chiqib, yangi mehnat shartlari asosida ishni davom ettirishni rad etgan taqdirda, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi haqida belgilangan tartibda ogohlantirildi. 

Agentliklar va uning hududiy boshqarmalarida ogohlantirish xatlari faqat maqbullashtirilgan, ya`ni, belgilangan tartibda qisqartirilib, tugatilishi shart bo`lgan lavozimlarda ishlab kelayotgan xodimlarga berildi. Masalan, agentlik rahbari o`rinbosarlari, hududiy boshqarmalar boshliqlari lavozimi tugatildi, ular avtomatik ravishda o`z ishlarini davom ettirishning ham imkoniyati yo`q, chunki eski lavozimlar bekor bo`lgan, yangi lavozimlar esa – boshqa yuridik shaxs tuzilmasida va umuman boshqa tashkiliy asoslarga ega. Shuning uchun ham yangidan mehnat shartnomalari tuzilishi shart. 

Qolgan xodimlar o`zining roziligi asosida Mehnat kodeksining 98-moddasiga muvofiq mehnat faoliyatini vazirlik tizimida davom ettiradi (masalan, FHDYo organlari yoki davlat xizmatlari markazlari xodimlari, chunki ularning bo`ysinuv tashkiloti o`zgardi, eskisi esa tugatiladi). 

Tizimda hozirgi kunda ham xodimlar avvalgidek ish haqi olib, o`zining ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda “DXA tizimida ishlayotgan 400 ga yaqin xodim ishsiz qoldi” degan ma`lumot – bu jarayonning mazmun-mohiyati va yakuniy natijasini bilmasdan (aniqrog`i tushunmasdan) tarqatilayotgan asossiz va noo`rin xabardir. 

Davlat xizmatlari agentligi xodimlari ham, Intellektual mulk agentligi xodimlari ham Adliya vazirligi tizimining bir bo`lagi, kadrlari esa – qimmatli boyligidir. 

Shu bilan birga, zamonaviy davlat organi ixcham bo`lishi kerak. Kadrlar esa elakdan o`tishi aniq. Aks holda bu islohot emas, eskicha yondashuv bo`lib qolaveradi. 

Bu jarayonda barcha qonunlarning ustuvorligi va adolat mezonlariga tayanish ta`minlanadi. 

    Boshqa yangiliklar