Prezident Administrasiyasi hamda Xalq qabulxonalasi vakillari boshchiligida Sirdaryo viloyatida sud-huquq sohasi bo`yicha tashkil qilingan ikki kunlik ochiq-jonli muloqotlarda jami 488 ta masala ko`rib chiqilgan bo`lib, ularning 212 tasi joyida hal qilindi, 125 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 151 ta murojaat bo`yicha esa aniq muddat va mas`ullar belgilanib, nazoratga olindi.
Xususan, Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud mas`ullari viloyat, tuman-shaharlar sudlari bilan birga 124 ta masalani ko`rib chiqdi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo`yicha Sayxunobod, Guliston, Sardoba, Mirzaobod, Xovos tumanlari va Yangier shahar sudlarida 17 nafar shaxsning ishlari ko`rib chiqildi, 16 nafari ichki ishlar organlarining probasiya bo`linmalari taqdimnomalari asosida jazoni o`tashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi. Bir nafar mahkumga nisbatan belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi esa engilrog`iga almashtirildi.
Muloqotlar natijasida 26 ta murojaat bo`yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassasiya tartibida hal qilish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hay`atlariga hal etish uchun o`tkazildi.
Bosh prokuratura mas`ullari tadbirkorlik, tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, ijtimoiy himoya, uy-joy va moddiy yordam ajratish, qurilish va kommunal sohasida qonun ustuvorligini ta`minlash, mansabdor shaxslar xatti-harakatlari yuzasidan zarur choralar ko`rish kabi masalalarga oid 165 ta murojaatni ko`rib chiqib, ularning 100 dan ziyodiga echim topdi. E`tiborlisi, bu jarayonda ko`plab tadbirkorlarning bank kreditlari olish bilan bog`liq muammolari ham hal qilindi.
Masalan, Rustam Tog`aevning ham murojaati asosida tomorqa xizmatini tashkil etish uchun so`ralgan 150 million so`m kredit hujjatlari bilan bog`liq muammo hal qilinib, bank tizimiga yangidan ariza rasmiylashtirildi. Boyovutlik Xadicha Shodmonqulovaga esa xususiy bog`chasini jihozlashi uchun kredit ajratilishida amaliy yordam berildi. Muloqotlar davomida 16 nafar murojaatchiga 289,3 million so`m imtiyozli kreditlar ajratilishi ta`minlandi.
Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ko`rib chiqqan 71 ta masalaning ham 42 tasi joyida hal qilindi. Murojaatlarning asosiy qismini surishtiruv va tergov, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jazodan muddatidan avval ozod etish, jazoni ijro etish,ichki ishlar organlari xodimlarini ishga qayta tiklash, fuqarolik, pasport-viza, mol-mulkni olib qo`yish va qaytarmaslik kabi yo`nalishlar tashkil etdi.
Bir misol, mirzaobodlik 44 yoshli Abduhakim Ismoilov ham Ichki ishlar vazirligi mas`ullari oldiga adolat so`rab keldi. Murojaatchining aytishicha, bir oy avval tanishlaridan biri uni ko`chada do`pposlab, tan jarohati etkazgan. Bu holat bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan, ammo jabrlanuvchi aybdorga nisbatan qo`llanilgan ehtiyot chorasidan norozi bo`lmoqda. Bu masala ham to`plangan hujjatlar asosida o`rganilgach, aybdorga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo`llanildi.
Ikki kunlik qabullarda viloyat hokimligi, adliya, soliq, bojxona, Milliy gvardiya boshqarmalari mas`ullari ham ko`plab murojaatlarni qabul qilib, qator masalalarga echim topdi.
Sud-huquq sohasi bo`yicha ochiq-jonli muloqotlar boshqa hududlarda ham davom ettiriladi.






