Hukumat qarori bilan Ko`chmas mulk ijara yoki tekin foydalanish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo`yish bo`yicha davlat xizmatini ko`rsatish ma`muriy reglamenti tasdiqlandi
Reglamentga ko`ra, ijaraga beruvchi ko`chmas mulk shartnomasini tuzilganidan 3 kundan kechiktirmay soliq organida hisobga qo`yishi shart.
Shartnomani hisobga qo`yganlik uchun to`lov undirilmaydi.
Ko`chmas mulk birlamchi ijaraga (tekin foydalanishga) olgan shaxs tomonidan ikkilamchi ijaraga (tekin foydalanishga) berilishi mumkin. Ikkilamchi ijaralar ham soliq organlarida hisobga qo`yilishi kerak.
Shartnomani hisobga qo`yish Davlat soliq qo`mitasining axborot tizimi orqali faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.
Ijaraga beruvchi tomonidan tizim orqali yuborilgan shartnoma ijaraga oluvchi tomonidan 5 kunda tasdiqlanmasa shartnoma soliq organlarida hisobga olinmaydi.
Shartnoma hisobga qo`yilganda QR-kodli guvohnoma beriladi.
Shartnoma taraflar kelishuviga binoan yoki boshqa tartibda muddatidan oldin bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, ijaraga beruvchi tomonidan onlayn hisobdan chiqariladi.