1

Moliyaviy piramida asoschisi chinozlik Ahmadboy qo`lga olindi

Jamiyat 16.06.2016, 22:07
Moliyaviy piramida asoschisi chinozlik Ahmadboy qo`lga olindi

Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Chinoz halol chorva” va “Chinoz Avto Xamkor” korxonalari ta`sischisi hisoblangan Ahmadjon Tursunboev ikki barobar qilib qaytarish va`dasi bilan juda katta miqdordagi omonat mablag`larni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan noqonuniy ravishda shug`ullanib kelgan. Bu haqda O`zMTRKning “Toshkent”  telekanalida  bugun, 16 iyun soat 18:15 da va 20:15 da efirga uzatilgan tezkor tadbir tafsilotida ma`lum qilindi.

Ahmadjon Tursunboev, shuningdek, foizlik ustama to`lash sharti bilan aholiga xorijiy valyutada qarz berib kelgan. “Hozirgi kunda Ahmadjon Tursunboevga pul bergan yoki pul olgan odamlar soni bir necha o`n mingga etgan”, — deyiladi ko`rsatuvda.

Aniqlanishicha, Ahmadjon Tursunboev aholidan avtomashina va qimmatbaho buyumlarni qonunga zid ravishda qabul qilib olgan, bu munosabatlarni huquqiy jihatdan hech qanday rasmiylashtirmay, “shunchaki o`zining ish daftarlariga qayd etish bilan kifoyalangan”. Tursunboevning qo`lida g`aznachi lavozimida ishlagan shaxslardan birining ma`lum qilishicha, noqonuniy faoliyatdan “kunlik pul aylanmasi 3—4 milliard so`mni, AQSh dollarida 1 million atrofidagi summani tashkil etgan”.

Shunisi e`tiborliki, Tursunboev odamlardan pul qabul qilayotganida hech qanday kafolat bermagan. Boz ustiga, agar o`ziga biror kor-hol bo`lsa, yaqin qarindoshlariga, farzandlariga hech qanday da`vo qilmaslik shartini qo`ygan. Xo`sh, u holda Tursunboev qanday qilib odamlarning ishonchini qozongan? Ahmadjon Tursunboev aholining pullarini bir yil muddatda ikki barobar oshig`i bilan qaytarish va`dasi bilan qiziqtirgan va faoliyatining dastlabki paytlarida odamlarning kuchli ishonchiga kirgan.

Ahmadjon Tursunboev odamlardan olgan pullarining bir qismini xorijiy davlatlardan turli tovar-moddiy boyliklar olib kelib sotish bilan shug`ullanuvchi shaxslarga ma`lum miqdordagi foyda evaziga qarzga berib kelgan. U shunday noqonuniy faoliyat bilan to`rt-besh yillardan beri shug`ullangan.  

Noqonuniy ravishda odamlardan olgan pullar evaziga Cadillac Escalade, BMW, Lexus kabi qimmatbaho avtomashinalar sotib olgan, Chinoz tumani hududidagi katta er maydonida chorvachilik xo`jaligini tashkil qilgan, o`z turar joylarida juda katta miqdordagi xorijiy va milliy valyutadagi naqd pul mablag`lari va qimmatbaho boyliklarni to`plagan.

O`tkazilgan tezkor tadbir davomida Ahmadjon Tursunboev va uning yaqin qarindoshlarining uy-joylari va ularga qarashli korxonalarda aytib o`tilgan tartibda o`zlashtirilgan 13 milliard 139 million so`m va 7 million 900 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag`lar borligi aniqlandi va bu pullar qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, daliliy ashyo sifatida olindi.

 Ushbu holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1