5 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Imron Xon bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Rahbarlar muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, mamlakatlarimizning do`st xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladilar.
Joriy yil 3-4 mart kunlari Pokistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi davlat tashrifi yakunida qabul qilingan qo`shma “yo`l xaritasi” ijrosining borishi ko`rib chiqildi. Eng avvalo, savdo, sanoat, qishloq xo`jaligi, farmasevtika, turizm, madaniyat va boshqa ustuvor yo`nalishlardagi ko`p qirrali hamkorlik loyiha va dasturlarini o`z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta`kidlandi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muloqot yakunida O`zbekiston etakchisi Pokiston Hukumati rahbari va xalqiga ushbu mamlakatda bo`lajak muhim siyosiy tadbir – parlament saylovi muvaffaqiyatli o`tishini tiladi.






