1

Tushda ayon bo`lgan hikmat

Mutolaa 17.06.2016, 13:22
Tushda ayon bo`lgan hikmat

Sirli hodisalar, ajabtovur voqealar hammamiz uchun qiziq. Shu bilan birga ularning mohiyatini tushunishga, sababini bilishga bo`lgan ishtiyoqimiz borligi ham sir emas. Namanganlik muxlisamiz Dildoraxon Rahimova o`z hayotida bo`lgan ana shunday voqealarni tahlil qilishga urinib, bizga maktub yo`llabdi...

“Har inson uyquga ketganida tush ko`radi. Men ham ko`zim ilinishini bilan rang-barang hodisalar olamiga sho`ng`iyman. Ya`ni, tinimsiz tush ko`raman. E`tiborli tomoni shundaki, har bir ko`rgan tushim menga kelajakda sodir bo`lishi kutilayotgan nimalardir haqida so`zlaydi. Bundan ba`zan hayratga tushaman, gohida vahima ham bosadi. Keling, sizga ana shunday voqealardan birini gapirib beray...

Kichik ovsinimning  to`rtta qizchasi bor. Albatta, o`g`il fazand ko`rishni shunchalar istardiki, o`tirib qolsak hasrati shundan boshlanardi. To`rtinchisi hali bir yoshga to`lmagan, shuning uchun yana farzand ko`rishni reja ham qilayotgani yo`q. Buni barchamiz yaxshi bilardik. 

Ana shunday kunlarning birida tushimga bir bolakay kiribdi. Ikki-uch yoshlar oralig`idagi o`g`il bola. Ovsinim yashaydigan uyning darvozasi oldida yig`lab turganmish. Ovsinim uni “Uyga kirma, keraging yo`q”, deb haydar, bola esa chirilab yig`lab oyoqlariga yopisharmish. Haligi bolakayning ko`zi menga tushib yonimga yugurib kelibdi.

—  Kiraman, kiraman, — deb uyni ko`rsatib, menga qarab  ham yig`larmish.

Rahmim kelib, ovsinimga “uyga kiriting”, debman.

—  To`rt bola bilan esim og`ay deyapti, bu kirsa hamma joyni ag`dar-to`ntar qiladi-yu! — dermish.

—  Bo`lmasa biznikiga yuraqol, — debman bolachaga.

U esa rozi bo`lmabdi.

Ishonasizmi, shu tushni ikki kuncha hatto kunduzi ko`zim ilinganida ham ko`rdim. Avvaliga parvo qilmadim. Ammo takror ko`ravergach, o`ylanib qoldim. Albatta, ta`bir qilishga cho`chirdim. Taxminim to`g`ri chiqishiga qarab ish qilaman, deya ovsinimga qo`ng`iroq qildim. 

—  Mabodo, bo`yingizda yo`qmi? — so`radim undan.

—   Yo`g`-a, chaqalog`im bor-ku, — dedi u.

—  G`alati tushlar ko`ryapman. Menimcha, siz yaqinda homilador bo`lasiz. O`g`il bo`ladi. Lekin tug`ishni istamaysiz. Chunki tushimda o`g`lingizni ko`ryapman. “Uyga kiraman”, deb rosa yig`layapti, siz kiritmayapsiz...

—  Voy, rostdanmi? — ovsinimning ovozi titrab ketdi. — To`g`risini aytsam, chindan ham homiladorman. Oldirib tashlamoqchi bo`lib yuribman. Tug`ishni istamaganim uchun ham sizga “yo`q”, degandim. Unda nima qilay? Rostdan ham o`g`ilmikan?

—  Bilmasam. Hammasi Xudoga ayon. Lekin men tushimda o`g`il bolachani ko`ryapman.

—  Tug`sammikan, yo? — ikkilandi ovsinim. Keyin esa qat`i qarorga keldi: — Tug`aman. Axir siz homiladorligimni aytmasam ham bildingiz-ku, bunda ham bir hikmat bordir?

Ishonasizmi, shu ovsinim vaqt o`tib rostdan ham o`g`ilchali bo`ldi. Ikkalamiz ham qotib qoldik.

Bu kabi voqealar hayotimda ko`p sodir bo`lyapti. Yaqinda, qishning qorli kunlarida ham tush ko`ribman. Ukamning uyida mehmon bo`lib o`tirgan emishman. Rahmatli otam tirik, dasturxonning to`rida o`tirganmish. Dasturxon esa to`la non emish. Bir payt bir qora qarg`a derazadan kirib, eng katta nonni olib ketmoqchi bo`libdi. Shunda to`rda o`tirgan otam qo`lidagi hassasi bilan nuqib, qarg`ani cho`chitibdi va nonni olib qolibdi. 

Men o`zimcha, “Ukamning xonadoniga baraka, rizq-ro`z keladi va u umrboqiy bo`ladi, hech kim to`siq bo`lolmaydi”, deb ta`birladim. Xavotirga ham tushmadim. Ammo, ertasiga shunday voqea eshitdimki, naq yuragim chiqib ketayozdi.

—  Opa, — dedi kelinim hovliqib. — Ukangizning mashinasi qorda sirpanib, dumalab ketganmish. Hozirgina ko`rganlar aytdi. Tez yuring, men boryapman.

Ichimdan nimadir uzilgandek bo`ldi. Yo`lda ming xayolda ketayotganimda birdan lop etib esimda tushim keldi. Ishonasizmi, birdan xotirjam tortdim va kelinimga qo`ng`iroq qildim:

—  Xavotir olma, eringga hech narsa qilgani yo`q!

Etib borganimizda rostdan ham ukamning etti muchasi sog`, mashinasini odamlar yordamida o`nglab ham olgan ekan.

—  Xudo bir asradi, hech narsa qilmadi. Biror joyim shilinmadi ham. Sadaqa berib yuboraman-e! — dedi u bizni qarshi olarkan.

Shunda mening ko`z o`ngimga qarg`a olib keta olmagan non keldi. Ichimda dedim: “Rostdan ham Xudo seni bir asradi!”

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1