AsosiyJamiyat

Avtomobil yo`llari qo`mitasi raisi va Andijon shahri hokimi ogohlantirildi

'Avtomobil yo`llari qo`mitasi raisi va Andijon shahri hokimi ogohlantirildi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining navbatdagi Rayosat majlisi o`tkazildi.  Unda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining mas`uliyati to`g`risidagi masala ham muhokama qilingan.

Ta`kidlanishicha, deyarli barcha viloyatlar hokimliklari (Jizzax viloyatidan tashqari) veb-saytida dolzarb bo`lgan ochiq ma`lumotlar va jamoatchilikni alohida qiziqtiradigan mavzular bir oydan uch oygacha yangilanmagan.

Shuningdek, o`rganilgan 204 ta tuman va shahar hokimliklarining 35 tasida rasmiy veb-sayti ishlamaydi. 

Jumladan, Andijon viloyatining Asaka, Bo`ston, Buloqboshi, Shahrixon, Qo`rg`ontepa, Xo`jaobod, Izboskan, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahri, Toshkent shahrining Chilonzor, Mirobod, Mirzo Ulug`bek, Olmazor, Shayxontohur, Yakkasaroy, Yunusobod, Bektemir tumanlari, Sirdaryo viloyatining Guliston, Yangier shaharlari, Mirzaobod va Xovos tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Mirishkor, Nishon tumanlari, Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus, To`rtko`l, Taxiatosh tumanlari, Xorazm viloyatining Xiva shahri va Qo`shko`pir tumani, Surxondaryo viloyatining Denov, Sariosiyo tumanlari, Toshkent viloyatining Yangiyo`l shahri, Samarqand viloyatining Samarqand tumani, Namangan viloyatining Namangan shahri, Buxoro viloyatining Buxoro tumani hokimligi saytlari ana shunday ahvolda.

 Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarida matbuot kotibi lavozimi vakant. Hududlarda axborot xizmatlariga qo`shimcha shtatlar ajratilmaganligi sababli o`tkazilayotgan tadbirlar, yangiliklar tezkorlik bilan sifatli yoritilmayotir.

Majlisda Qishloq xo`jaligi vazirligi rahbariyatiga tizimda ochiqlik siyosati qoniqarsizligi, Sirdaryo viloyati hokimligiga Guliston, Yangier shaharlari, Boyovut, Sayxunobod, Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlari hokimliklarida axborot xizmati faoliyati yaxshi tashkil etilmaganligi ko`rsatib o`tildi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati yuzasidan ishlarni etarli tashkil etmagani, OAV va jamoatchilik bilan aloqalarni tizimli yo`lga qo`ymagani uchun Avtomobil yo`llari qo`mitasi raisi A.Abduvaliev va Andijon shahri hokimi B.Haydarov ogohlantirildi.

Barcha vazirliklar va idoralar, xo`jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklariga Qonun va qaror ijrosiga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturini tasdiqlab, amalga oshirish vazifasi qo`yildi.

Muhokama yakunlari bo`yicha Vazirlar Mahkamasi Rayosatining bayoni qabul qilindi.

 

    Boshqa yangiliklar