Prezident Shavkat Mirziyoev 6 aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yangi O`zbekiston ko`chasi poytaxtimizning muhim yo`llaridan biriga aylanib bormoqda. Oxirgi yillarda u erda yangi bog`, ko`prik, universitet barpo etildi. Endi bu ko`cha bo`yida 610 gektar maydonda uy-joylar, mehmonxonalar, kinoteatr, restoranlardan iborat zamonaviy majmualar qurish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari avvalo mazkur loyiha maketini ko`zdan kechirdi.
Loyihaga asosan, binolar to`rt qavatli, to`rt xil dizaynda bo`ladi. Birinchi qavatda savdo va xizmat ko`rsatish muassasalari faoliyat yuritadi. Yuqori qavatlarda xonadonlar yoki mehmonxonalar bo`ladi. Ko`cha bo`yida piyoda va velosiped yo`laklari, erosti va erusti yo`llari barpo etiladi.
Prezidentimiz loyihani ma`qullab, uylarni energiyatejamkor qilib qurish, issiq va sovuqda mo``tadil bo`lishini ta`minlash bo`yicha tavsiyalar berdi. Ish o`rinlarini ko`paytirishga alohida e`tibor qaratish zarurligi ta`kidlandi.
- Eng muhimi - xalqimizga munosib yashash sharoiti va ish o`rinlari yaratish, - dedi davlatimiz rahbari.
Hisob-kitoblarga ko`ra, binolarda 1 million 700 ming kvadrat metr savdo va xizmat ko`rsatish maydoni bo`ladi. Buning negizida 14 mingdan ortiq ish o`rni tashkil etiladi.
Shuningdek, ushbu ko`chada joylashgan «Toshkent-Sharqiy» aeroporti infratuzilmasini rivojlantirish, yo`lovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish choralari ham belgilandi.
30 yanvar kuni o`tkazilgan taqdimotda mahalla markazlari barpo etish loyihasi ko`rib chiqilgan edi. Bu gal Prezident ko`rsatmalari asosida qayta ishlangan loyiha taqdimot qilindi.
Unga ko`ra, bunday markazlarda stadion, o`yin maydonchalari, kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom va boshqalar bo`ladi.
Mahalla va nuroniylarni qo`llab-quvvatlash vazirligi taklifi asosida ushbu markazlar joyini aniqlash vazifasi qo`yildi.
- Yoshlar o`rgangan, infratuzilma borgan joylarni tanlash kerak. Mahalla idorasini ham shu erga joylashtirish mumkin. Shunda bu joylar madaniyat va ma`rifat o`chog`i bo`ladi. Bu markazlarda milliy o`zligimiz namoyon bo`lishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Ma`lumki, 2025 yilda Toshkent shahrida Yoshlar o`rtasidagi Osiyo o`yinlari o`tkazilishi rejalashtirilgan. Bu nufuzli musobaqa uchun poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihalashtirilgan.
Loyihaga ko`ra, shaharcha markazida olimpiya stadioni, uning ikki yonida yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg`ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Ma`muriy bino, yotoqxona, muzey va xo`jalik ob`ektlari ham quriladi.
Taqdimotda Olimpiya shaharchasi ob`ektlari qiymatini optimallashtirish choralari haqida ma`lumot berildi. Mutaxassislar bilan muhokama asosida, mazkur shaharcha loyihasi tasdiqlandi. Uni sifatli qilib qurish zarurligi ta`kidlandi.
- Bu majmua xalqimizga, yoshlarimizga mulk bo`lib qoladi. Shuning uchun birinchi o`rinda sifat, - dedi Prezidentimiz.
Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish, jumladan, erusti metrosi ostidagi bo`sh er maydonlarida yangi xizmat ko`rsatish va savdo nuqtalarini tashkil etishga qaratilgan loyihalar ko`rib chiqildi.
Taqdimotda Samarqand turizm markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ham axborot berildi.
Barcha bunyodkorlik ishlarini umumiy bir jihat - ish o`rinlari tashkil etish maqsadi birlashtirib turadi. Chunki bu inshootlarni qurish hamda keyinchalik ishlatish jarayonida minglab vatandoshlarmiz ish bilan ta`minlanadi.