BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar Rossiyaning Ukrainaga kirishi global oziq-ovqat tanqisligiga va hatto dunyoda yuz millionlab kishini qamrab oluvchi chinakam ochlikka olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Ukrainadagi urush COVID-19 pandemiyasidan ustma-ust og`ir zarba egan jahon iqtisodiyoti endi-endi tiklanayotgan pallaga to`g`ri keldi.
Bir necha kun avval BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish sayyoramizni oziq-ovqat, energotashuvchilar va qishloq xo`jaligi o`g`itlarining jadal qimmatlashuvi kutayotganini aytdi. BMT oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi idorasi (FAO) ma`lumotiga ko`ra, shusiz ham 2020 yil o`rtalaridan boshlab pandemiya va boshqa omillar tufayli qariyb barcha oziq-ovqat mahsulotlari narxlari muttasil va tez oshib, 2022 yil fevralda, ya`ni Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan paytda tarixiy maksimumga etgan edi.
Ukraina esa bug`doy, jo`xori va kungaboqar moyi eksporti bo`yicha peshqadam mamlakatlardan biri bo`lib, 50 dan ortiq mamlakatga qishloq xo`jaligi mahsulotlari etkazib beradi. Buni o`tgan kunlarda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham eslatgandi. Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi ko`plab davlatlar, xususan, Eron, Turkiya hamda salkam 172 mln aholi yashaydigan Bangladesh ukrain bug`doyi importiga to`g`ridan-to`g`ri qaram. Shuningdek, Rossiya ham ayni mahsulotlar eksportida etakchi o`rinlardan birini egallaydi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, urush boshlanguncha Ukraina va Rossiya bug`doyi eksporti jahon bozorining qariyb uchdan bir hissasiga teng bo`lgan. Misol uchun, bugun Shimoliy Afrikaning barcha mamlakatlarida – Misrdan tortib Marokashgacha – aholi qahatchilik boshlanishidan qo`rqib un va g`alla g`amlashga zo`r bergan. Qator islom davlatlarining etakchilari Rossiya-Ukraina urushi ommaviy tartibsizliklar va ijtimoiy portlashga sabab bo`lishidan xavotirda – o`z vaqtida aynan oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashuvi ketma-ket qo`zg`olonlarga va alal-oqibat “arab bahori”ga olib kelgan edi.
BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) rahbari Devid Bisli so`nggi 4 yilda, Rossiya Ukrainaga bostirib kirgunicha dunyoda ochdan o`lish tahdidi ostida qolgan odamlar soni 80 milliondan 276 million nafargacha ko`payganini urg`ulaydi. Masalan, Livanda bug`doyning 60 foizdan ortig`i hamisha Ukrainadan keltirilgan. Misr, Yaman, Suriya, Tunis – ularning barini Ukraina boqadi.
“Forbs” jurnalining FAO ma`lumotiga tayanib yozishicha, o`tgan 2021 yilda Rossiya va Ukraina bug`doyi importiga Eritreya 100 foiz va Somali 90 foiz qaram bo`lgan. Mo`g`iliston, Armaniston, Ozarbayjon hamda Gruziyaning Rossiya bug`doyiga qaramligi 100 foizga yaqinlashgan, Qirg`iziston, Belarus, Kongo Demokratik Respublikasi va Finlyandiya esa ehtiyojining 80 foizdan ortig`ini Rossiya bug`doyi hisobiga qondiradi. Ukraina bug`doyi importiga qaramlik Seyshel orollarida 90 foizni, Liviya, Pokiston, Mavritaniya va Jibutida esa 40 foizdan ortiqni tashkil etadi.
Qolaversa, Ukraina kungaboqar yog`i etkazib berish bo`yicha birinchi o`rindagi mamlakat – 2020 yilda u jami global eksportning 40 foizini ta`minlagan (Rossiya 19 foiz bilan ikkinchi o`rinni egallagan). Niger, Tanzaniya, Hindiston, BAA, Moldova, Keniya, Gollandiya va Shri-Lankada kungaboqar moyi importining 70 foizi aynan Ukraina hissasiga to`g`ri kelgan. Rossiya, shu bilan birga, kolza yog`i etkazib beruvchilar top ikkiligiga va soya yog`i eksportchilari kuchli beshligiga kiradi.
Kiev iqtisodiyot maktabi prezidenti va prezident Vladimir Zelenskiyning maslahatchisi, o`tmishda Ukraina iqtisodiyot vaziri bo`lgan Timofey Milovanov “Nastoyashee vremya” telekanaliga bergan intervyusida eksportga jo`natish uchun hozirlangan 5 million tonnadan ortiq g`alla harbiy harakatlar tufayli Ukraina portlarida qolib ketayotganini aytgan edi: “Biz Ukrainadan bug`doy eksport qila olmay qoldik, chunki, Mariupol qamalda. Odessada esa, garchi Mariupoldagidek qizg`in bo`lmasa ham, baribir harbiy harakatlar davom etyapti. Ikkovi ham port shahar – bug`doy shu portlar orqali eksportga jo`natiladi. Agar bu bahorda ekin ekolmasak, kelasi yili eksport hajmlari jiddiy kamayishi turgan gap”.
Urush Qora dengiz portlaridan qishloq xo`jaligi mahsulotlari eksport qilishda qo`llanilgan barcha logistika zanjirlarini uzib tashladi. Tabiiyki, Rossiya bosqinidan so`ng Ukraina portlarida tijorat yuklarini jo`natish-qabul qilish to`xtab qolgan. Qora va Azov dengizlarida kamida 100 ta savdo kemasi qolib ketgan, ularning egalari Rossiyani chiqib ketish uchun “yashil yo`lak” ochib berishga chaqirmoqda.
O`g`itlar ishlab chiqarish bo`yicha dunyoda eng yirik shkompaniyalardan biri bo`lmish Yara International (Norvegiya) Rossiya-Ukraina urushi bu sohaga zarba berishi mumkinligi va natijada oziq-ovqatlar narxlari yanada oshib ketishidan ogohlantirdi. O`g`itlar narxi shundoq ham gaz ulgurji bahosiga parallel tarzda ko`tarilib ketgan. Boz ustiga, G`arb mamlakatlari savdo aloqalarini uzayotgan Rossiyaning o`zida ham kaliy va fosfat kabi o`g`itlar juda katta miqdorda ishlab chiqariladi, zamonaviy dunyo qishloq xo`jaligini bu o`g`itlarsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Yara International rahbari Sveyn Tore Holsterga ko`ra, vaziyat bundan battar bo`lishi mumkin. Jahon aholisining yarmi o`g`itlar hisobiga ovqatlanadi, agar dalalarga o`g`it solinmasa, ayrim ekinlar hosildorligi 50 foizga kamayib ketadi.
Evropa qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishda qo`llanadigan eng muhim o`g`itlarning qariyb chorak hissasini Rossiyadan olardi. Ikki hafta muqaddam Rossiya hukumati o`z ishlab chiqaruvchilaridan o`g`it eksportini taqa-taq to`xtatishni talab qildi. Shuningdek, bug`doy, javdar, suli va arpa eksportini “vaqtincha chekladi. Ammo bu hisob-kitoblarda e`tiborga olish kerak bo`lgan yagona omil emas – Ukrainadagi voqealarning jahon oziq-ovqat bozoriga ta`siri o`ylanganidan kuchli bo`lishi mumkin. Misol uchun, Evropa zavodlarida azotli o`g`itlarning eng muhim masallig`i – ammiak ishlab chiqarish uchun katta miqdorda tabiiy gaz yoqiladi, gaz esa Rossiyadan keladi. O`tgan yili gazning ulgurji narxlari oshib ketishi tufayli EIdagi ishlab chiqaruvchilar o`z quvvatlarini 40 foizgacha kamaytirishga majbur bo`lishgan edi. Bu tashish xarajatlarining o`sishi, yana bir yirik kaliy ta`minotchisi – Belarusga qarshi sanksiyalar joriy etilishi va ekstremal ob-havo sharoiti kabi boshqa omillar bilan birga o`g`itlar bahosi keskin ko`tarilishiga va pirovardida oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishiga olib keldi.
Ustiga ustak, iqlim o`zgarishi ham vaziyatga sezilarli ta`sir ko`rsatmoqda. Chunonchi, dunyodagi eng yirik bug`doy eksportchilaridan biri bo`lmish Kanada o`tgan yili keng ko`lamli qurg`oqchilik va jaziramadan katta talafot ko`rishi natijasida pasta (italyancha makaron mahsulotlari) ishlab chiqarishda qo`llanadigan qattiq bug`doy narxi 90 foizga oshdi. AQShning bug`doy etishtiriladigan asosiy hududlarida o`tgan yili ekstremal yong`inlar kuzatilgan bo`lsa, Lotin Amerikasining qishloq xo`jaligi rivojlangan mamlakatlari, xususan, Braziliyani dahshatli qurg`oqchilik holdan toydirdi. Bu yoqda Avstraliya suv toshqinlaridan katta talafot chekmoqda. Sharqiy Afrikada ham ahvol og`ir: ketma-ket uch yil davom etgan anomal qurg`oqchilik ekinlarni nobud qildi, chorva mollari qirildi. Suv va yaylov tanqisligi yuz minglab odamlarni o`z uylarini tark etishga majbur qilib, turli qabila va elatlar o`rtasida nizolar avj olishiga sabab bo`layotir.
Yuqoridagi barcha omillarning umumiy hosilasi bo`lmish global oziq-ovqat inqirozi nafaqat Osiyo va Afrikaga, balki Rossiya, Evropa hamda Shimoliy Amerikaga ham ta`sir qiladi. BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari Ukrainadagi urush tufayli dunyoda oziq-ovqat narxlari o`rtacha 22 foizga oshishini bashorat qilmoqda.
Demak, muzokaralar stoliga o`tirish, urushni yakunlash eng oqilona yo`l. Busiz insoniyat yangidan-yangi xatarlar qarshisida qoladi.
Fayzullo Abdulboqiev






