Prezident raisligida videoselektor yig`ilishi boshlandi. Bu haqda Matubot xizmati xabar bermoqda.
“Bugun muhokama qiladigan uchta masalamiz bevosita inson qadri bilan bog`liq, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Ularni bajarmaslikka hech qaysi rahbarning haqqi yo`q.
Kun tartibidagi birinchi masalada ichki yo`llar sifatini yaxshilash bo`yicha aniq vazifalarni muhokama qilamiz.
“Tashabbusli byudjet” portali orqali aholidan tushgan 20 mingta yoki jami takliflarning 25 foizi ham ichki yo`llarni yaxshilash bilan bog`liqligi masalaning dolzarbligini ko`rsatmoqda”, dedi davlat rahbari.
Bu borada Andijon tajribasi ko`rsatib o`tildi. Viloyatdagi sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etilib, olis va chekka mahallalardagi 23 kilometr qum-shag`al yo`llar sement-beton qoplamaga o`tkazildi.
Ushbu 31 ta mahallada asfalt-beton o`rniga sementdan foydalanish orqali qurilishdan 600 million so`m iqtisod qilindi. Bu ishlarning hisobiga 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablag` tejaldi.
Eng asosiysi, klaster o`zi qurgan yo`llarni 10 yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan.






