Yo`l infratuzilmasini rivojlantirish hamda ichki yo`llarni yaxshilash bo`yicha ustuvor vazifalar, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar, davlat xizmatlarini ko`rsatishni soddalashtirish, byurokratik to`siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlarini ko`rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo`shimcha chora-tadbirlari muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish davom etmoqda. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi xabar bermoqda.
“Har bir viloyatda yirik sement korxonalari va xususiy korxonalar bilan birgalikda yo`l qurish va ekspluatasiya klasterlarini tashkil etish orqali ichki yo`llarning egasini topish bo`yicha topshiriq bergan edim.
Bu borada Qoraqalpog`iston, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiydagi ishlar ahvoli qolgan hududlarga qaraganda hali sust”, dedi Prezident.
Bu hududlar hokimlariga masalaning ichiga kirib, jiddiy shug`ullanishi shartligi ko`rsatib o`tildi.
Umuman, 2022 yilda 2 ming 300 kilometr, shu jumladan Andijonda 270 kilometr, Farg`onada 200, Qashqadaryo va Toshkent viloyatida 190, Navoiy, Namangan va Samarqandda 180, Buxoro, Jizzax va Surxondaryoda 170, Qoraqalpog`iston va Xorazmda 160, Sirdaryoda 150 kilometr sement-beton qoplamali ichki yo`llarni barpo etish vazifasi qo`yildi.
Buning uchun 2022 yilda sement ishlab chiqarish hajmi 3,5 million tonnaga ko`payadi. Ya`ni, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga etadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar to`liq qoplanishi ta`kidlandi.






