Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudi tomonidan giyohvandlik moddalari savdosi bilan shug`ullangan Samarqand shahrida yashovchi, 1969 yilda tug`ilgan Sh.To`xtamishev va 1955 yilda tug`ilgan T.Aminovga nisbatan xukm o`qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Sud materiallariga ko`ra, ushbu shaxslar 2021 yil sentyabr oyida Samarqand shahar O`rtaxo`jasoat mahallasi hududida katta miqdorda opiy gihyovandlik vositasini noqonuniy savdosi bilan shug`ullanish paytida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Yuqoridagi shaxslar O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 273-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar bilan aybli deb topilib, Sh.To`xtamishevga 6 yil, T.Aminovga esa 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlarida tug`ilgan 7 nafar shaxs - F.Kadirov, F.Qodirov, M.Shodiev, Z.Shodiev, S.Turaqulov, D.Maxkamov, T.Boborahmadovga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqildi.
Ushbu shaxslar mamlakatimizga kontrabanda yo`llari bilan olib kirilgan 5 ming dona “Tramadol 50 mg” psixotrop vositasini 1000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Insonga kuchli ta`sir qiluvchi gihyovandlik vositasi tarqatuvchilariga nisbatan 11 yilgacha bo`lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlandi.






