AsosiyJamiyat

"Farhod dehqon bozori" direktori va o`rinbosari qo`lga olindi

'"Farhod dehqon bozori" direktori va o`rinbosari qo`lga olindi'ning rasmi

Ular sotuvchilardan noqonuniy ravishda qo`shimcha pul talab qilib kelganligi aniqlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2022 yil 5 aprel kuni Toshkent shahar IIBBga "Farxod dehqon bozori" AJ hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi fuqaro ariza bilan murojaat qiladi. Murojaatchi arizada "Farxod dehqon bozori" AJ direktori va uning xavfsizlik bo`yicha o`rinbosari "Elga xizmat" va "Arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari" savdo nuqtalaridan to`lov olinmasligi haqidagi qarorga zid ravishda, bozordan chiqarib yuborish bilan qo`rqitib, 2021 yil sentyabr oyidan buyon har 10 kunlik savdo faoliyati uchun 660.000 so`mdan pul mablag`larini kassir orqali olib kelayotganliklarini, hozirda oxirgi 2 oy uchun 3.400.000 so`m to`lashni noqonuniy ravishda talab qilayotganliklarini ma`lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`raydi.

Shunga asosan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, AT “Xalq banki” Uchtepa filialining “Farxod dehqon bozori” AJga xizmat ko`rsatuvchi kassiri, xizmat xonasida ariza muallifidan 3.400.000 so`m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, uning yonidan kunlik tushumdan inkassasiya qilingan 8.300.000 so`m va inkassasiya qilinmagan 9.150.000 so`m pul mablag`lari borligi aniqlanib olingan.

Tezkor tadbir davomida "Farxod dehqon bozori" AJ direktori hamda uning xavfsizlik bo`yicha o`rinbosari ushlanib, uning “Jentra” rusumli avtomashinasidan 24.967.000 so`m pul mablag`i borligi ayon bo`lgan.

"Holat yuzasidan 2022 yil 6 aprel kuni Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, JPKning 224-moddasi tartibida ushlanganlar. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda",-deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar