O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati xabariga ko`ra, bugun respublika hududining katta qismida iliq va quruq ob-havo bo`lishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpog`istonda va kechga tomon Buxoro viloyatida ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Shimolda va cho`l hududlarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, chang to`zon bo`lishi mumkin, shuningdek, shamol tezligi 23-25 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor. Havo harorati kunning o`rtasiga kelib, respublika bo`yicha 28-30° ni tashkil etadi, bu me`yordan 8-10° ga yuqori bo`ladi.
9 aprelga o`tar kechasi O`zbekiston hududiga Turkmanistondan zich bulut qatlamlari kirib kelishi kutilmoqda, buning hisobiga Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechasi ba`zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg`ir yog`adi. Respublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida kun davomida ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Havo harorati 28-30° atrofida bo`lishi saqlanib turadi
Yakshanba kuni respublika bo`yicha yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog`istonda va Xorazm viloyatida beqaror ob-havo kuzatiladi, ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Kunduzi harorat 30-35° gacha ko`tariladi.
Dam olish kunlari respublika bo`yicha ba`zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, chang to`zon bo`lishi mumkin.






