AsosiyJamiyat

1 sentyabrdan tadbirkorlikni cheklovchi ayrim harakatlar uchun ma`muriy javobgarlik kuchaytiriladi

'1 sentyabrdan tadbirkorlikni cheklovchi ayrim harakatlar uchun ma`muriy javobgarlik kuchaytiriladi'ning rasmi

Prezidentning «Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o`sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to`g`risida»gi farmoni e`lon qilindi. Unga ko`ra, 1 sentyabrdan boshlab tadbirkorlikni cheklovchi ayrim harakatlar uchun ma`muriy javobgarlik kuchaytiriladi.

Hujjat bilan iqtisodiyotda raqobat muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor oldidagi byurokratik to`siqlarni qisqartirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligining quyidagi takliflari ma`qullandi:

a) oxirgi kalendar yilida tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining o`n ming baravaridan oshmaydigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar yoxud shaxslar guruhini (tabiiy monopoliya sub`ektlari, davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo`jalik yurituvchi sub`ektlardan tashqari) tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqe egallagan deb e`tirof etmaslik hamda ularga nisbatan monopoliyaga qarshi choralarni qo`llamaslik;

b) 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga nisbatan quyidagilar uchun moliyaviy jarimalarni qo`llash:

tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;

tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste`mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;

xo`jalik yurituvchi sub`ektlarni qo`shib yuborishda, qo`shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo`yicha bitimlar tuzishda raqobat to`g`risidagi qonunchilikni buzganlik;

ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo`llash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Raqobat to`g`risida”gi qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritadi. Bunda, undirilgan moliyaviy jarimalar summasini to`liq Davlat byudjetiga yo`naltirish hamda raqobatga qarshi harakatlarning boshqa turlari uchun ham javobgarlik nazarda tutiladi;

v) 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, quyidagilar uchun ma`muriy javobgarlikni kuchaytirish:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizasiya qilinishini (ko`rsatilishini) noqonuniy cheklash;

lisenziyalash, ro`yxatga olish, akkreditasiyadan o`tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish;

monopoliyaga qarshi organ talabiga ko`ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto`g`ri yoki yolg`on ma`lumotlar taqdim etganlik.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritadi;

g) 1-ilovada nazarda tutilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish;

d) 2023 yil 1 yanvardan boshlab Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan har yili Senatga axborot beriladigan Raqobat rivojlanishi indeksini joriy qilish.

    Boshqa yangiliklar