Qarshi shahrida sug`urta polislari to`lovlari bilan bog`liq talon-torojlik aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qilmoqda.
Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan “K.S.”AJning murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, AJning Qarshi shahar filiali sobiq menejeri Z.X. mijozlar bilan tuzilgan 129 dona sug`urta polislari bo`yicha 119,7 mln so`mlik to`lovlarni qabul qilib, filialga kirim qilmasdan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






