Bugun chet elda ishlash istagidagi fuqarolarimiz uchun zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Ularning mehnat faoliyatini qo`llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish choralari ko`rilyapti. Xususan, tibbiyot sohasida ham!
Prezidentimizning 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migrasiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ayni shu maqsadda qabul qilingan.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Shveysariyaning “GLOBOGATE Recruiting GmbH” kompaniyasi Germaniya Federativ Respublikasida ish joylarini tanlash, o`qitish va ishga qabul qilish bo`yicha bir qator loyihalarni amalga oshirdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, mamlakatimizdagi malakali o`rta tibbiyot xodimlari ushbu loyihalar doirasida Germaniyaning Axen universiteti shifoxonasi va Asklepios kasalxonalari hamda klinikalariga umumiy hamshira hamda psixiatrik hamshira sifatida ishlash uchun taklif etilgan.
Hozir O`zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi, “Globogate Recruiting GmbH” tashkiloti hamda Germaniyaning yuqorida qayd etilgan ikki tibbiyot muassasasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tanlovda saralab olingan dastlabki 200 nafar o`rta tibbiyot xodimi o`quv jarayonlarida ishtirok etmoqda. Ularning 25 nafari hamshiralik ishi yo`nalishi, qolgan 175 nafari psixiatriya bo`limlarida ishlash uchun tayyorlanmoqda.
Dastur doirasida yil so`ngiga qadar 500 nafar o`rta tibbiyot xodimini xorijda ishlash uchun tayyorlash va Germaniyaga jo`natish rejalashtirilgan.