AsosiyJamiyat

​SSV: Tumanlararo qo`shma shikastlanishlar va o`tkir qon tomir kasalliklari markazlari soni 24 taga etdi

'​SSV: Tumanlararo qo`shma shikastlanishlar va o`tkir qon tomir kasalliklari markazlari soni 24 taga etdi'ning rasmi

So`nggi yillarda jahon tibbiyotida erishilgan ulkan yutuqlarga qaramay, qo`shma shikastlanishlar va o`tkir qon tomir kasalliklari sohaning eng dolzarb muammolaridan biri bo`lib qolmoqda. Chunonchi, bugungi kunda dunyoda ushbu xastaliklardan o`lim darajasi 56,2 foizni tashkil etyapti. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Afsuski, yurak-qon tomir kasalliklari yurtimiz aholisining nogironlik sabablari orasida ham eng yuqori o`rinni egallab, uning ulushi 25 foizdan oshmoqda.

Shuningdek, 2016-2020 yillar davomida birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining viloyat filiallariga yo`l-transport hodisalari yuzasidan jami 69 ming 612 ta murojaat kelib tushgan. Qolaversa, yurtimizda insult bilan kasallanish holatlari yiliga 40 mingdan ziyodni tashkil etmoqda.

Shu sababli Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq, 2021-2022 yillar davomida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida 35 ta tumanlararo qo`shma shikastlanishlar va o`tkir qon-tomir kasalliklari markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etish belgilangan edi.

E`tiborlisi, ushbu markazlarning 20 tasi  o`tgan 2021 yil o`z faoliyatini boshlagan bo`lsa, joriy yil 3-chorak so`ngiga qadar ular soni 35 taga etkazilishi ko`zda tutilgan. Hozir esa bunday muassasalarning 24 tasi yurtimiz aholisiga malakali tibbiy xizmat ko`rsatib kelmoqda.

Ularning kunu tun faoliyat yuritishini ta`minlash maqsadida xirurg, travmatolog, neyroxirurg, anesteziolog-reanimatolog, MSKT/rentgenolog, nevrolog, nefrolog, laborant shifokori, o`rta va kichik tibbiy xodimlardan iborat postlar tashkil qilingan.

Shuningdek, barcha tumanlararo qo`shma shikastlanishlar va o`tkir qon-tomir kasalliklari markazlari Jahon bankining umumiy qiymati 37,7 million AQSh dollaridan ziyod kredit mablag`i evaziga ko`p kesimli kompyuterli tomograf, raqamli stasionar va portativ rentgen apparatlari, stasionar va portativ ultratovush apparatlari kabi 34 turdagi yuqori texnologik tibbiy uskunalar bilan ta`minlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar