Prezident Shavkat Mirziyoev bugun qutlug` 75 yoshga to`lgan O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raevni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlash to`g`risidagi farmonni imzoladi. B haqda Prezident Matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlatimiz rahbari ushbu sana munosabati bilan hurmatli hofizimizga tabrik ham yo`lladi.
“El-yurtimiz Sizni butun hayotini o`zbek madaniyati va san`atini rivojlantirishga bag`ishlagan, o`z ijodiy maktabini yaratgan ulkan va betakror iste`dod egasi, fidoyi va millatparvar shaxs sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi” deyiladi tabrikda.
Sherali Jo`raev 50 yildan ziyod ijodi davomida “O`zbegim”, “Sohibqiron”, “Egasi bor yurt”, “Karvon”, “Sarbon”, “Inson qasidasi” kabi 600 ga yaqin qo`shiq yaratgan. Uning “Birinchi muhabbatim”, “Yoshligimiz”, “Oy yuzingga”, “Oshiqlar sardori”, “Do`st bo`lsang, yonimda tur” kabi ashulalari xalq qo`shiqlariga aylanib ketgan.
Xonanda mumtoz shoirlarimiz g`azallarini kuyga solib, xalqimiz merosini yosh avlodga va jahonga tanitishga ulkan hissa qo`shgan.
Sherali Jo`raev 1981 yilda “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist”, 1987 yilda “O`zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, 2018 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo`lgan. Bugungi “El-yurt hurmati” ordeni iste`dodli va fidoyi san`atkorga davlatimizning e`tibori, xalqimiz hurmatining yana bir ifodasi bo`ldi.
Hofiz o`z madaniyati, fidokorona mehnati bilan el orasida obro`-e`tiborga, katta hayotiy tajribaga ega. Bugungi kunda Sherali Jo`raev “Vatandoshlar” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi vazifasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Ulug` san`atkorimizga ko`rsatilgan bunday hurmat mamlakatimizda, umuman, san`at sohasiga qaratilayotgan e`tiborning bir ifodasidir.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning shu yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san`at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori asosida bu boradagi ishlar yangi bosqichga ko`tarildi. Yosh avlod qalbida milliy madaniyatga bo`lgan muhabbatni shakllantirish, iste`dodlarni aniqlash va tarbiyalashga yanada keng sharoitlar yaratilmoqda. Bunda Sherali Jo`raev kabi ustoz san`atkorlarning namunasi, ijodiy maktabi katta o`rin tutadi.






