AsosiyDunyo

Imron Xonni “jazolagan” Vashingtonmi?...

'Imron Xonni “jazolagan” Vashingtonmi?...'ning rasmi

Pokistondagi siyosiy tanglik jahon OAV ning asosiy mavzularidan biriga aylandi. Pokiston bosh vaziri Imron Xon parlament tarqatilganidan keyin iste`foga chiqarilgach, birmuncha muddat o`z lavozimida qolishi mumkinligi aytilgandi. Mamlakat prezidenti Arif Alvi Twitter da Imron Ahmad Xon Niyozi Pokiston Islom Respublikasi Konstitusiyasining 224 moddasiga muvofiq, muvaqqat bosh vazir tayinlangunicha lavozimini ijro etishini ma`lum qildi. Saylov 90 kun ichida o`tkazilishi e`lon qilindi. Tanglik uzoqqa cho`zilmadi.  "Pokiston musulmonlari ligasi" partiyasi etakchisi Shahboz Sharif Pokistonning 23-bosh vaziri etib saylandi. 11 aprel kuni parlament quyi palatasida o`tkazilgan ovoz berish jarayonida Sharif 174ta ovoz oldi. Uch marta Pokiston bosh vaziri etib saylangan Navoz Sharifning 70 yoshli ukasi Shahboz Sharif nomzodi yakshanba kuni muxolif partiyalar vakillari tomonidan bosh vazirlikka ilgari surilgandi.

Yaxshigina ishlab turgan Pokiston hukumatiga nima bo`ldi o`zi? To`satdan qanday ko`z tegdi? Muxolifat Xon hukumatini “jilovsiz inflyasiya” da ayblagan esada, “jumboq tuguni”ni tashqaridan izlamoq kerak.  Bosh vazir Imron Xon parlamentning tarqatib yuborilishini xorijiy buyuk davlat bilan bog`liq raqiblarining mamlakatdagi rejimni almashtirish urinishi bilan izohladi. Haqiqat ham shunda. Axir AQSh Imron Xonning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga bormasligini talab qilgandi. Pokiston etakchisi quloq solmadi. Natijada amerikaliklar bir qator deputatlarning muxolifat safiga o`tishi va hukumatga ishonchsizlik bildirishlari uchun haq to`lashgani aytilmoqda. Xususan, parlamentda qilgan chiqishida mamlakat axborot vaziri Favad Chaudri 7 mart kuni Islomobodda qandaydir xorijiy vakillar bilan uchrashuv o`tkazilgani, ular pokistonlik siyosatchilarga bosh vazir impichmenti jarayonini boshlash taklifini berishgani ochiqladi. Hukumatga ishonchsizlik bildirish tashabbusi sobiq bosh vazir Navoz Sharifning tug`ishgan ukasi, “Pokiston musulmon ligasi” etakchisi, milliy parlamentdagi muxolifat etakchisi, endi yangi bosh vazir Shaxboz Sharifdan chiqdi.    

Umuman olganda, Ukrainadagi inqiroz 220 millionli aholiga va yadro quroliga ega Pokistonda ham aks-sado berdi. 2018 yildan beri hukumatni boshqarib kelayotgan va o`tmishda kriket o`yinlari yulduzi bo`lmish Imron Xon Amerikani uni hokimiyatdan chetlatish uchun fitna uyushtirishda aybladi. To`g`ri, Imron Xon boshqaruvi yillarida Islomobodning AQShdan uzoqlashib, Xitoy va Rossiya bilan mustahkam aloqalar o`rnatishi Vashingtonga yoqmadi.  

Pokistonda chiqadigan Dawn gazetasining yozishicha, bosh vazir Moskvaga otlanganida Vashington tashrifni bekor qilishni talab qilgan. Amerika amaldorlari Pokistonning AQShdagi elchisi bilan uchrashib, Islomobodning Vashington bilan bo`lg`usi munosabatlari Imron Xonning parlamentdagi ovoz berishda hokimiyatdan chetlatilishiga bog`liqligini yashirib o`tirishmadi. Bosh vazir bu haqda Vashingtondagi elchidan xabar oldi. Voqealarning keyingi rivoji safsata emasligi ma`lum bo`ldi. Aftidan parlament koalisiyasidagi hukumat rahbari tayangan rang-barang deputatlardan bir nechasini sotib olishga muvaffaq bo`lingan. Natijada hukumat Milliy assambleyadagi 374 deputatdan 177 nafari qo`llovidan mahrum bo`ldi. Ammo New York Times nashrining xabariga ko`ra, AQSh bosh vazir ayblovlarini rad etdi.  

Bilamizki, Pokiston siyosatida armiya pozisiyasi o`ta yuqori. Mustaqillikning o`tgan 70 yildan ko`proq vaqti mobaynida harbiylar fuqaroviy hukumatni bir necha bor ag`darib tashlagan. Tahlilchilarning aytishicha, aynan harbiylar Imron Xonning 2018 yilda hokimiyat tepasiga kelishiga yo`l ochib berishgan. Biroq endi ular Xonga ortlarini o`girib olishdi yoki hech bo`lmaganda undan uzoqlashishdi. Quruqlikdagi qo`shinlar shtabi boshlig`i Kamar Javid Bajvaning Islomoboddagi xavfsizlik masalalari bo`yicha konferensiyada qilgan chiqishida Pokiston boshqa mamlakatlar, shu jumladan, AQSh bilan aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirishga umid qilayotganini ta`kidladi. Bu bayonot xuddi Vashingtondan mustaqil siyosat yurgizayotgan Imron Xon sha`niga yog`dirilgan keskin ta`nadek yangradi.  

Bajvaning qayd etishicha, Pokiston va AQShning tarixan qalin strategik munosabatlari shakllangan. Bundan tashqari, AQSh Pokiston eksporti uchun yirik bozordir. Bosh vazir Rossiya harbiy operasiyasini qoralamagani uchun Bajva uni “baxtsiz” deb ham atadi.  

Rasman armiya siyosatdan holi tuzilma. Biroq generallarning hukumat rahbaridan norozilik alomatlari bor. Shuning uchun Xonning ketishiga to`g`ri keldi.  

Voqealar rivojidan qat`iy nazar, Pokistonning Xitoy bilan qalin munosabatlari saqlanib qoladi. Chunki Pekin “Bir makon bir yo`l” nomli tashabbuslari loyihasi doirasida kamida 70 milliard dollarga teng ifratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda. Ammo Moskva bilan munosabatlar taqdiri ma`lum emas. Rossiya va Pokiston gaz quvurlarini o`tkazish borasida “Pokiston oqimi” nomli loyihani amalga oshirishga kirishayotgan edi. Endi yangi hukumat kelsa, loyiha “ko`milishi” ham mumkin.    

AQSh bilan munosabatlarga kelsak, elita va oddiy odamlarning kayfiyati tubdan farqlanadi. Elita G`arbga ko`z tikkan. Keng jamoatchilik esa, so`rovlarga ko`ra, aksilamerika kayfiyatda. Pokistonning o`nlab shaharlarida Imron Xonni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan namoyishlarning bo`lib o`tgani fikrimizning yaqqol isbotidir.  

Файзулло Абдулбоқиев

    Boshqa yangiliklar