Andijonning Qirg`iziston bilan chegaradosh hududidagi Xo`jaobod tumanida yog`ingarchilik oqibatida noma`lum hasharot paydo bo`lgani haqida xabar berilgan edi.
Bu qanchalik xavfli, ekinlarga ziyon etkazadimi? Inson salomatligi uchun xavfli emasmi? Mutaxassislar nima deydi? Ushbu savollarga javob topish maqsadida ""Darakchi" gazetasi muxbiri voqea joyida bo`lib holatni va uning sabablarini o`rgandi.
Bahorning birinchi oyi yomg`irli kunlarga boy bo`lgani bilan esda qoldi. O`n kundan ortiq davom etgan yog`ingarchilikdan so`ng Andijon viloyatining Xo`jaobod tumani Solpi mahallasida yashovchi fuqarolar hududda mayda qora hasharotlar to`dasi paydo bo`lgani, ularning aholi yashash xonadonlariga bostirib kirib, tinchlik bermayotganidan shikoyat qildi. Ularning aytishicha, hasharotlar tomonidan inson tanasini chaqish holatlari ham kuzatilgan.
“DORILADIK, LEKIN...”
Azizaxon RAHMATOVA, tumandagi “Solpi” mahallasining Sanoat 1-tor ko`chasida yashovchi fuqaro:
– Avvaliga bu hasharot o`choq tagida, mo`ri atrofida paydo bo`la boshladi. Men uni mo`ridan chiqqan qora kuya, qandaydir uchqun, deb o`ylabman. Keyin borgan sari ko`payib ketdi. Sekin-asta devorlarga chiqa boshladi va derazadan uyga kirib hamma yoqni bosib ketdi. Uyda esa kiyim-kechaklar ichiga kirib olib tanamizni chaqa boshladi. Bu hasharot chaqaverganidan to`yib, ikki hafta singlimnikida yashab keldim. Men nafaqaga qarab qolgan odamman. Nima qilishni bilmay qo`shnimdan qarz olib “zooapteka”dan dori olib keldim. Uylarni doriladim, haqiqatda o`ldi. Lekin to`liq yo`qolmadi, qaytanga mana shu bog` tarafdan yana bostirib kelyapti.
“QANDAY HAShAROTLIGINI BILGANIMIZDA...”
Munisxon YO`LDAShEVA, fuqaro:
– SESga murojaat qilindi. Lekin hech kim kelib o`rganmadi. Kimdir kelib bunga vaqtida chora ko`rsa, ommaviy axborot vositalari vakillarini chaqirishga hojat bo`lmasdi. Bu hasharotlar bog`dan o`tdi. Bugun “sen-men”ga bormasdan shuni hal qilishda yordam berishlaringiz kerak. Bu qanday hasharot ekanligini bilganimizda, o`zimiz chora ko`rgan bo`lardik.
Rustambek MIRKOMILOV, viloyat o`simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Xo`jaobod tumani bo`limi boshlig`i:
– O`zim ham shu mahallada yashayman. Hasharot paydo bo`lib, uylarga kirayotganini aytishib, qanday qilib yo`qotishni so`rashganda, hammaga uy atrofiga dori sepish kerakligini tushuntirganman.
Ushbu hasharot eng oddiy zahardan ham o`ladi. Aslida bu namlik ko`payganda chiqadigan hasharot. Namlikda ko`payadi. Bu yilgi 10 kunlik yomg`ir 1 metr kvadratga 300 mm hajmda yog`di. Bir gektar erni ikki marta sug`orib, bo`ktirib qo`ygudek yog`di. Shuning natijasida bu hasharotlar ko`paydi.
Kunlar isigan sari bu hasharot o`z o`zidan halok bo`lib, yo`qolib ketadi. Agarda seryog`in kunlar, ya`ni haftalab yomg`ir yog`sa, bular ko`payishi mumkin. Lekin bir kun yomg`ir yog`ib, qolgan kunlari quyosh chiqsa, bu hasharotlar ko`paymaydi. Aksincha, kun isigan sari, harorat 15 darajadan ko`tarilganda nobud bo`ladi.
Chaqishiga kelsak, bu hasharotlarning insonga zarari yo`q. Salomatlikka ziyon qilmaydi. Namlik bo`lmasa, uyga ham kirmaydi. Agarda oddiy ohak kukunini bo`lsa-da, devor atrofiga sepib qo`yilsa, o`sha erning o`zida yo`qolib ketadi.
O`zingizga ma`lum, xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar yo`qolib ketgan. Prezidentning “O`zbekiston Respublikasi o`simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to`g`risida”gi 5185-sonli qaroriga asosan kimyo sanoat korxonalari tugatilib, xizmat ko`rsatish xususiy sektorlarga o`tgan. Shunday bo`lsa-da, aholiga engillik yaratish uchun tumandagi “Navigul” qo`shma korxonasi tomonidan hasharotga qarshi dorilar beriladi. Bundan tashqari korxona ishchilari aholi xonadonlari atrofi va bog` chegarasidagi hududda dorilash ishlarini amalga oshirib, yo`qotishda ko`maklashishadi.
Mahalla aholisi vakili Munisxon YO`LDAShEVAning ma`lum qilishicha, mahallaga va uylarga dori sepilgan, natijada hasharotlar o`lgan bo`lsa-da, biroq choralar ko`rilganiga qaramay hudud yaqinidagi bog`dan chiqayotgan hasharotlar oqimi to`xtamayapti. Qo`shma korxona mutasaddilari esa ko`chatlar meva tugmaguncha hech qanday kimyoviy vositalar sepilmasliklarini aytishdi. Mutaxassisga tayanadigan bo`lsak, havo harorati ko`tarilib borayotgani bu muammodan aholini tez orada xalos etadi, degan umiddamiz.
Umidjon MAMARASULOV,
Andijondan maxsus “Darakchi” uchun tayyorlandi
("Darakchi" gazetasi, 2022 yil 14 aprel, 15-son)