Toshkent hayvonot bog`ida qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanadi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 18 aprel kuni jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudida Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan Z. To`laganova (1991 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan) ga tibbiy yo`sindagi majburlov ehtiyot chorasini qo`llash masalasini hal qilishga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni o`z nihoyasiga etgan.
E`lon qilingan sud ajrimi bilan Z. To`laganova ijtimoiy xavfli qilmishni aqli noraso holatda sodir etgan, deb topilib, uning Toshkent Respublika kuzatuvi kuchaytirilgan ruhiy kasalliklari shifoxonasida majburiy davolanishi belgilangan.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning 28 yanvar kuni Toshkent hayvonot bog`ida taxminan soat 12:00 da ayol odamlarning ko`z oldida o`z qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan edi.
Ayiq qizaloqqa zarar etkazmagan. Hayvonot bog`i xodimlari ayiqni ichki xonaga olib kirishga muvaffaq bo`lishgan.






