Bir muddat avval Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida videosektor yig`ilishi boshlangandi. Tadbirda viloyat, tuman va shahar hokimlari oldiga “qoniqarsiz” baholangan mahallalarga shaxsan borish vazifasi qo`yilganini yozgan edik.
Ayni damda davlat rahbari matbuot kotibining xabar berishicha, mazkur yig`ilishda, shuningdek, hunarmandchilik, tikuvchilik, kosibchilik, qandolatchilik kabi uy sharoitidagi kichik ishlab chiqarish loyihalarini mahallaning o`zida kengaytirish kerakligi ta`kidlandi.
Shu munosabat bilan bir oy muddatda sanoat, hunarmandchilik va kasanachilik mikro markazlarini 700 ta ixtisoslashgan mahallada tashkil etish ishlarini boshlash bo`yicha topshiriq berilgan. Qayd etilishicha, bu markazlarning 70 tasi ishsizlik darajasi yuqori bo`lgan mahallalarda ochilishi zarur. Ushbu markazlardan 5 yil muddatda er va mol-mulk solig`i undirilmaydi.
Joriy yilda bu maqsadlarga 500 milliard so`m yo`naltiriladi, ushbu sanoat markazlari orqali 50 ming nafar aholi bandligi ta`minlanadi.
Yana bir masala – yil boshidan buyon hokim yordamchilari tomonidan 5 mingga yaqin bo`sh binolar aniqlandi. Hokim yordamchilari aniqlagan bo`sh bino-inshootlarni sotish, ijaraga berishdan tushgan mablag`lar ushbu mahallaning infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanishi belgilandi.
“Umuman, yil yakuniga qadar bo`sh bino qolishi kerak emas”,- deydi Prezident.






