Kecha, 20 aprel kuni O`zbekistonning ayrim hududlarida kuchli yog`ingarchilik natijasida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga keldi.
Xususan, Jizzax va Samarqand viloyatida yuzaga kelgan holat bo`yicha xabar bergandik.
Jizzax viloyatining Forish tumanida 4 nafar fuqaroni (1 nafar erkak, 3 nafar ayol) sel oqimlari oqizib ketish natijasida xalok bo`lganligi aniqlangan edi.
Viloyat prokuraturasining xabar berishicha, 20 aprel kuni soat 15.00larda kuchli yomg`ir yog`ishi oqibatida Forish tumani, “Egizbuloq” MFY hududidagi “Nurota” tog` tizmasidan “Orishli” qishlog`i orqali “Egizbuloq” qishlog`iga sel toshqini kelgan.
Oqibatda, shu hududda yashovchi 4 nafar shaxslar vafot etgan, 1 nafari bedarak yo`qolgan va 6 nafari turli darajada tan jarohati olgan.
Shuningdek, sel toshqini natijasida 53 ta turar joy va ularning yordamchi xo`jalik binolariga zarar etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bedarak yo`qolgan shaxs suvga cho`kishi natijasida vafot etganligi aniqlanib, uning murdasi topildi.
Bundan tashqari, voqea sodir bo`lgan hududda tezkor shtab faoliyati yo`lga qo`yilgan bo`lib, toshqin oqibatlari bartaraf etilmoqda.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasi bo`yicha qo`shimcha ravishda ma`lum qilinadi.






