AsosiyJamiyat

“Mehr kutubxonasi”, “Mehnat yarmarkasi” va shoir va yozuvchilar bilan bo`lgan uchrashuvlar. II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” qanday o`tdi?

'“Mehr kutubxonasi”, “Mehnat yarmarkasi” va shoir va yozuvchilar bilan bo`lgan uchrashuvlar. II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” qanday o`tdi?'ning rasmi

2022 yilning 18-23 aprel kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyat markazlari hamda Toshkent shahrida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, Xalq ta`limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi, O`zbekiston noshirlar va kitob savdosi tashkilotlari milliy assosiasiyasi hamda bir qator manfaatdor idora va muassasalar bilan hamkorlikda “Kitobsevar millat” shiori ostida II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” o`tkazildi. 

YuNESKO tomonidan "Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni" sifatida bayram qilinadigan 23 aprel kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Kitobni ulug`lashga, ma`rifat va ziyoni targ`ib etishga bag`ishlangan mazkur haftalikning tantanali yopilish marosimi  bo`lib o`tdi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Tantanali yig`ilishda tashkilotchilar tomonidan haftalik yakunlari sarhisob qilinib, ushbu ma`naviy tadbirning ijtimoiy ahamiyati e`tirof etildi. 

Jumladan, haftalik doirasida kitobxonlar o`zlari sevgan 100 nafardan ortiq shoir va yozuvchilar bilan uchrashishi imkoniyatiga ega bo`lgani,. joylarda 320 ta turli madaniy-ma`rifiy dasturlar, teatr tomoshalari, dizayner-rassomlarning ijodiy ko`rgazmalari tashkil etilgani ta`kidlandi.

Bir hafta davomida respublikamizda faoliyat ko`rsatib kelayotgan etakchi nashriyotlar va kitob savdosi tashkilotlari tomonidan arzonlashtirilgan kitob savdo-yarmarkalari uyushtirildi.

Ayniqsa, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bu tadbirlardan o`rin olgan “Mehr kutubxonasi” ijtimoiy loyihasi doirasida mamlakatimizdagi “Mehribonlik”, “Qariyalar” uylari va Muruvvat mussasalariga 3500 dan ortiq nusxadagi kitoblar beg`araz hadya etildi.

II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” kitobxonlikni targ`ib etish, yangi asarlar taqdimotini o`tkazish bilan birga oliy o`quv yurtlarining nashriyot-matbaa sohasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bandligini ta`minlashga ham munosib hissa qo`shdi. Xususan, poytaxtimizning – “Magic City” shaharchasida 32 ta nashriyot-matbaa ijod uylari tomonidan o`tkazilgan “Mehnat yarmarkasi” da sohaga mutaxassilar tayyorlovchi 7 ta oliy o`quv yurtining 340 nafar talaba yoshlari ishtirok etib, ularning 40 dan ortig`i bilan  mehnat shartnomalari tuzish haqida kelishib olindi.

Tantanali marosim davomida uzoq yillardan buyon axborot-kutubxona sohasida fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan bir guruh kutubxona xodimlari “Axborot-kutubxona a`lochisi” ko`krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, aholining kitob mahsulotlariga bo`lgan ehtiyojini qondirishga munosib hissa qo`shib kelayotgan nashriyotlar, sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar, ustoz noshir va matbaachilar, aholi, ayniqsa yoshlar o`rtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini targ`ib qilishda alohida jonbozlik ko`rsatgan bosma OAVlar, ijtimoiy tarmoq ijodkorlarning mehnatlari ham Haftalik tashkiliy qo`mitasi tomonidan munosib rag`batlantirildi. 

    Boshqa yangiliklar