1

ShHT ishtirokchilari uchun konsert tashkil etildi(Foto)

Jamiyat 24.06.2016, 12:08
ShHT ishtirokchilari uchun konsert tashkil etildi(Foto)

“O`zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 23 iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent sammiti ishtirokchilari uchun konsert namoyish qilindi, deya xabar berdi O`zA.

Konsert zaliga O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston, Turkmaniston, Afg`oniston Islom Respublikasi, Mo`g`uliston, Pokiston Islom Respublikasi prezidentlari, XXR Raisi, Hindiston bosh vaziri va ShHT bosh kotibi tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmonlar e`tiboriga o`zbek xalqining milliy ashula va raqslari, shuningdek, jahon opera san`atining eng sara asarlaridan namunalar havola etildi.

Sahnada O`zbekiston xalq artisti Munojot Yo`lchieva «Ul kim jonon» ashulasini ijro etdi. «O`zbekiston» va «Navro`z» raqs ansambllari ijrosidagi «Raqslar guldastasi» xoreografik kompozisiyasi o`zbek raqs maktabining butun ko`rku jozibasini namoyon etdi.

«Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali g`olibi Nodira Pirmatova «Ey dilbari jononim» ashulasini YuNESKOning Reprezentativ ro`yxatiga kiritilgan katta ashula uslubida ijro etdi.

O`zbekiston yoshlar simfonik orkestri P. Chaykovskiyning «Evgeniy Onegin» operasidan lavha ijro etdi. Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston davlat akademik katta teatri xonandalari Sh. Gunoning «Romeo va Juletta» operasidan Juletta valsini kuyladi.

O`zbekiston xalq artisti Normo`min Sultonov va «Nihol» mukofoti laureati Ma`suma Boltaboeva «Mening jonajon Xitoyim», O`zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova «Qadrdonlarim» ashulalarini xitoy tilida ijro etdi. Qozoq, qirg`iz, tojik, turkman, qoraqalpoq xalqlarining ashula va raqslari ham ijro etildi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Jenisbek Piyazov «Menga bergil kuylarni», xalqaro tanlovlar laureati Milena Matmusaeva «Sevgi sadosi» deb nomlangan mashhur rus ashulalarini kuyladi. Konsert dasturi ShHTga a`zo davlatlarning boy madaniyati bilan yanada yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.

Ijro etilgan har bir kuy-qo`shiqda insonga mehr-muhabbat, o`zaro hurmat, bag`rikenglik, millatlararo totuvlik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom yuksak pardalarda tarannum etildi. Konsert nihoyasida «Jon O`zbekiston» kompozisiyasi yangradi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1