“Ommaviy qabullar uch oyligi” doirasida Prezident Xalq qabulxonalari tashkil qilgan bu galgi ochiq muloqotlarga Respublika ishchi guruhi inson va jamiyat hayoti, davlat boshqaruvi bilan bog`liq deyarli barcha kompleks mas`ullaridan iborat anchayin keng jamoa, katta kuch bilan keldi. Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish, Sog`liqni saqlash, Qurilish, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qo`llab-quvvatlash, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish, Xalq ta`limi, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Markaziy bank, Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi, Avtomobil yo`llari qo`mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Hududgazta`minot”, “O`zsuvta`minot” aksiyadorlik jamiyatlari, Kadastr agentligi, jami 20 ziyod vazirlik va idora rahbarlari murojaatchilar bilan yuzma-yuz o`tirib, har bir masalani hududiy mas`ullar bilan birga muhokama qilmoqda, muammolarni hal qilish uchun bor kuch-imkoniyat ishga solinmoqda.
Bir misol: Furqat tumanining Yangiqishlog`ida yashovchi Nilufarxon Qayumovaning arz qilishicha, u erdagi elektr simyog`ochlari ancha eski, kamiga odamlar qo`lbola qilib qurishga majbur bo`lgan. Bu esa elektr ta`minotida tez-tez uzilishlarga olib kelmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati mas`ullari murojaatni tinglagach, bu masalani tez kunda hal qilib berishni o`z zimmasiga oldilar.
Muammo joyiga chiqib o`rganilgach, ertasi kuni Yangiqishloqning eskirgan simyog`ochlari yangi beton-ustunlarga almashtirildi.
O`zbekiston tumani “Namuna” mahallasida yashovchi Doniyorbek Isoqov Avtomobil yo`llari qo`mitasi mas`ullaridan Yaypan va Nurafshon shaharchalarini bog`lovchi ko`prikni ta`mirlashda amaliy yordam so`radi. Mas`ullar bu masalani joyiga chiqib o`rgandi, muammolarni ko`zdan kechirdi, tahlil qildi. Natijada bu ko`prikni kapital ta`mirlash masalasi 2023 yilgi davlat dasturiga kiritiladigan, piyodalar yo`lagi esa tez kunlarda ta`mirlab beriladigan bo`ldi.
Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi mas`ullariga kelib tushgan 201 ta murojaatning 92 tasi joyida hal qilindi. Murojaatlar asosida jinoyat ishlari bo`yicha Qo`qon shahri, Furqat, Beshariq, O`zbekiston, Bog`dod, Rishton, Uchko`prik, Buvayda tumanlari sudlari tashkil qilgan sayyor sud majlislarida 49 ta ish ko`rib chiqildi. Aybini tan olgan, shunga mos belgilangan jazoning ma`lum qismini o`tagan, qilmishiga ming pushaymon bo`lib hayotini o`nglab olish uchun yana bir imkon so`ragan b u murojaatchilarning har birining ishi sudda batafsil ko`rib chiqilib, barcha tomon tinglandi. Yakunda esa hududlardagi ichki ishlar organlari probasiya guruhlari taqdimnomalari asosida 36 nafar shaxs jazoni o`tashdan muddatidan oldin shartli ozod etildi.
RishtonlikBahodir Jiyanboev esa xuddi shunday ommaviy qabullardagi murojaatlari asosida 6,5 yil tanaffusdan so`ng yaqinda egniga yana ichki ishlar libosini kiydi. Bu yigit Rishton tuman ichki ishlar tizimida ishlagan paytida 2015 yil oxirlarida nohaq ishdan bo`shatilgan ekan. Ko`p yillik kurashlardan so`ng Farg`ona viloyat sudi fuqarolik ishlari bo`yicha sudlov hay`atining 2022 yil 18 yanvardagi ajrimi asosida uni 2015 yilda xizmatdan bo`shatish haqidagi buyruq g`ayriqonuniy deb topildi va serjant Jiyanboev Rishton tumani ichki ishlar bo`limi katta inspektori lavozimiga ishga tiklandi, oradagi 6,5 yillik uzilish xizmat muddatiga qo`shildi. Yana bir muhim jihat: Bahodirga majburiy yurgan progullari uchun 372 million so`m ish haqi va ma`naviy zarar qoplab berildi.
Bosh prokuratura mas`ullari ko`rib chiqqan 151 ta masalaning 69 tasiga joyida echim topildi. Aytaylik, qo`qonlik Habibaxon Mamatqulova murojaatidan so`ng qizi Nodira Po`latovaga sud qarori asosida ikki nafar farzandi qaytarilishi ta`minlandi. (Shu qismda)
Bog`dodlikShohista Yusupova va Hamidaxon Ro`zmatova esa 25-sonli maktabgacha ta`lim tashkilotiga tarbiyachi yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi.
Uch yil uy bog`chasini boshqarib, sohada ancha tajriba to`plagan buvaydalik Zarifaxon Jo`raeva esa endi faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilgan ekan. Bu ayolning ham murojaatidan so`ng 1 mlrd. so`m qiymatdagi biznes-reja o`rganilib, qo`llab-quvvatlanadigan bo`ldi. Tadbirkor bu loyihani yarim mablag`ini o`z hisobidan, qolgan yarmini kredit evaziga amalga oshirmoqchi. Muhimi, Markaziy bank mas`ullari uni tingladi, masalani nazoratga oldi.
RishtonlikOdiljon Qo`shmatovning o`zi yashayotgan “Qo`rg`oncha” mahallasini limonchilikka ixtisoslashgan hududga aylantirish g`oyasi Markaziy bank mas`ullari bilan muloqotdan so`ngloyiha tusini oldi . Bu bilan birgina shu qishloqda 200 ta xonadon tomorqasida kreditlar evaziga issiqxona qurish va kamida 200 dan ziyod oilalarni qo`shimcha daromad manbaiga olib chiqish imkoni yaratiladi.
Sog`liqni saqlash vazirligi mas`ullari bilan muloqotlardan so`ngo`nlabehtiyojmand oilalar farzandlarini davolatish uchun imtiyozli yo`llanmalar, dori-darmonlar ajratilmoqda. Aytaylik, uchko`priklik Ibrohim Abdullaevning 27 yoshli farzandlari Hasan va Husanda buyrak etishmovchiligi bor. O`tgan yili oila bor-yo`g`ini sarflab, donor topib, Hasanjonga buyrak qo`ydirdi. Endi ota kichik o`g`liga o`z buyragini bermoqchi, biroq murakkab jarrohlik amaliyoti uchun mablag`i yo`q. Murojaat asosida tez orada Husanjon poytaxtga chaqiriladigan va ixtisoslashtirilgan markazda bepul jarrohlik amaliyoti o`tkaziladigan bo`ldi.
Xuddi shunday murojaatlar tahlili asosida birgina So`x tumanidagi ijtimoiy ahvoli og`ir 50 dan ortiq insonlarning murakkab jarrohlik amaliyotini o`tkazish bilan bog`liq muammolariga echim topildi. So`xlik oqsoqollarning jamoaviy murojaatidan so`ng esa tog`lar orasidagi anklav hududda yana bir katta masalaga echim topildi. Gap shundaki, bahor oyoqlashi bilan So`x daryosida suv toshib, ikki qirg`oqdagi 4 km. uzunlikdagi kattagina ekin maydoniga zarar etkazmoqda, daryoning 700 metr sohilidagi himoya dambasi emirilgan. O`rganishlardan so`ng bu muammoni hal qilish uchun alohida loyiha ishlab chiqilib, amalga oshiriladigan bo`ldi.
Umumlashtirib aytganda, Farg`ona viloyatining Qo`qon shahri, O`zbekiston, Dang`ara, Furqat, Beshariq, Bog`dod, Buvayda, Rishton, Uchko`prik va So`x tumanlari aholisi qamrab olingan ikki kunlik ommaviy qabullarda 1 ming 61 ta masala ko`rib chiqilib, ularning 459 tasi joyida hal qilindi. 219 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo`lsa, 383 ta murojaatni hal qilish bo`yicha aniq muddat va mas`ullar belgilanib, nazoratga olindi.
Farg`ona viloyatidagi ommaviy qabullar davom etmoqda.






