AsosiyJamiyat

Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bilan axborot va ommaviy kommunikasiya sohasida hamkorlik yanada mustahkamlanadi — Asadjon Xodjaev

'Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bilan axborot va ommaviy kommunikasiya sohasida hamkorlik yanada mustahkamlanadi — Asadjon Xodjaev'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 14 may kuni Istanbulda Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo mamlakatlarning OAV va axborot sohasiga mas`ul idoralari rahbarlarining to`rtinchi yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.

AOKA direktori Asadjon Xo`jaev Turkiya respublikasining Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a`zo va kuzatuvchi mamlakatlarning ommaviy axborot vositalari rahbar xodimlarining 4-yig`ilishida nutq so`zladi. 

Dastlab AOKA rahbari O`zbekiston Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bilan diplomatik aloqalar o`rnatilganining 30 yilligi bilan barchani samimiy qutladi.

"Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar orasidagi mustahkam aloqalar, do`stona munosabatlarning eng muhim negizlaridan biri sifatida qaraladigan axborot va ommaviy kommunikasiyalar sohasida o`zaro tajriba almashish, axborot makonidagi yutuq va muammolarni o`zaro bahamjihat muhokama qilish, internet tarmog`idagi xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish bo`yicha fikr-almashish natijasida sanab o`tsa arziydigan bir qancha ijobiy natijalar bo`y ko`rsatmoqda.

Men so`zimning avvalida O`zbekistonda so`nggi yillarda axborot sohasini isloh qilish, so`z va fikr erkinligini kafotlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida qisqacha ma`lumot berib o`tmoqchiman", - deya amalga oshirilayotgan ishlar xususida so`z yuritdi O`zbekiston vakili. 

 

Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi ushbu muhim islohotlar ijrosini ta`minlashda Hukumat va davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralarni ko`rmoqda.

Jumladan:

1. O`tgan 3 yilda davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida davlat organlari bilan aholi o`rtasida ishonchli aloqalarni o`rnatish uchun 380 ga yaqin davlat tashkilotlarida axborot xizmatlari faoliyati yo`lga qo`yildi. Bugungi kunda axborot xizmatlarida 1200 nafardan ortiq xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Matbuot kotiblari faoliyati yuzasidan o`tkaziladigan reyting baholash natijalari bo`yicha so`nggi uch yilda yuqori darajali matbuot kotiblarining soni 6 barobarga ortdi.

Respublika bo`yicha bir yil ichida 8000 dan ortiq media-tadbirlar tashkil qilindi.

Internet makoni va ommaviy axborot vositalarida aniqlangan tanqidiy materiallar, jamoatchilikning so`roviga tezkor rasmiy munosabat bildirish uchun 150 dan ortiq ishchi guruhlar tuzilgan va bugungi kunda tanqidiy-tahliliy materiallar va jamoatchilik so`roviga javoban davlat organlarining munosabat bildirish statistikasi 93 foizga etdi.

Barcha tashkilotlarga faqatgina rasmiy veb-sayt bilan chegaralanmasdan, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjer va videoxostinglarda ham rasmiy kanal va sahifalar ochish va ularni axborot xizmati xodimlari tomonidan faol yuritish choralari ko`rilgan. Shu asosda davlat organlarining internet, ijtimoiy tarmoq va mobil messenjerlardagi axborot manbalari soni
3064 taga etdi.

2. Axborot sohasi qonunchiligida ham bosqichma-bosqich islohotlar o`tkazilmoqda.

Jurnalistlarning professional faoliyatida o`z-o`zini senzura qilishiga yo`l qo`ymaslik va erkin fikr bildirishni kafotlash maqsadida Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi olib tashlandi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to`sqinlik qilganlik, shu jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o`rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o`tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g`ayriqonuniy ravishda olib qo`yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.

3. Shu o`rinda so`z va matbuot erkinligini ta`minlash maqsadida ommaviy axborot vositalarini ro`yxatdan o`tkazishda barcha jarayonlar inson omilisiz, elektron shaklda amalga oshirilayotgani bu yo`ldagi yana bir muhim qadam bo`lganini qayd etish zarur. Buning natijasida 2016 yilda ommaviy axborot vositalarining soni 1437 tani tashkil etgan bo`lsa, bugungi kunga kelib, ularning soni 1962 taga etdi.

Hozirgi vaqtda internet jurnalistikasi ham hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Respublikamizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining 677 tasi veb-sayt sifatida ro`yxatdan o`tgan.

4. OAV, axborot xizmatlari, elektron va bosma matbuot, teleradiokompaniyalar faoliyati bo`yicha ma`lumot olish, axborot olish erkinligi, jurnalistlik faoliyat borasida hamda sohaga tegishli aniq masalalar yuzasidan taklif va shikoyatlar berishni soddalashtirish uchun 1213 raqamli Call-markaz ishga tushirildi.

5. Hududlarda axborot sohasiga taalluqli masala va muammolarni hal etish, huquqiy e`tirozlar va boshqa munozarali voqeliklarni mustaqil ravishda davra suhbati shaklida o`rganib, mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish uchun davlat organlariga yuborish tizimini yo`lga qo`yish maqsadida maxsus “Dialog-maydoncha”lar faoliyati yo`lga qo`yildi.

6. Rost axborotni saralab olish mushkul va qo`shimcha o`rganish talab etilayotgan bugungi kunda jamiyatni feyk xabarlardan himoyalash zarurati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, virtual olamda soxta, yolg`on xabarlar, suratlar, videolardan iborat feyk axborotlarni tezda to`xtatilishiga erishish kerakligini inobatga olgan holda, antifake.uz axborot kanali faoliyati yo`lga qo`yildi.

Alohida ta`kidlash o`rinliki, 3 may – Xalqaro matbuot erkinligi kuni “Chegarasiz muxbirlar” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2021 yil uchun Matbuot erkinligi indeksi e`lon qilindi. Ushbu reytingda O`zbekistonning o`rni o`tgan yilga nisbatan 24 pog`onaga ko`tarildi va bu yuqorilash ko`rsatkichi O`zbekistonning yaqin yillardagi eng yaxshi natijasi sifatida qayd etildi.

"Yuqorida sanab o`tilgan islohotlarni hayotga tatbiq etish jarayonida O`zbekiston Respublikasining Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bilan axborot sohasida tajriba almashgani va birgalikda zarur fikr-mulohazalar yuritgani ham muhim o`rin tutadi. Xususan, o`tgan 2021 yil aprel oyida Boku shahrida Kengash Ishchi guruhining VIII-majlisida axborot sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish borasida bir qator dolzarb masalalar muhokama etilgan, unda Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlarning rasmiy axborot agentliklari o`rtasida hamkorlik memorandumini imzolash, mazkur memorandum doirasida axborot tayyorlash va tarqatishda o`zaro tajriba almashishga qaratilgan o`quv kurslarini tashkil etish, Kengashga a`zo mamlakatlar media markazlariga jurnalistlar tashriflarini tashkil etish, axborot xavfsizligini ta`minlash va axborot xurujlariga qarshi oqilona kurashish va boshqa dolzarb masalalar borasida keng hamkorlik qilish shular jumlasidandir", - deya qayd etdi Xodjaev. 

 

Ta`kidlanishicha, O`zbekiston bundan keyin ham quyidagi yo`nalishlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi:

– Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar teledasturlari, bosma OAV, axborot agentliklari, internet nashrlari mahsulotlari bilan tanishish uchun turkiy tilli mamlakatlar fuqarolariga maqbul sharoitlar yaratish;

– o`zaro kelishilgan qiziqarli mavzularda qo`shma forumlar, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlarini tashkil etish va o`tkazish;

– tarbiyaviy ahamiyatga ega telefilmlar, teleseriallar va multfilmlar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik va axborot almashinuvini olib borish;

– har yili elektron va davriy bosma nashrlardan faoliyat yuritayotgan jurnalistlar tanlovini uyushtirish;

– turizm salohiyati va madaniy-ma`rifiy hayot jarayonlari, ilmiy izlanishlar natijalari bilan a`zo mamlakatlar fuqarolarini tanishtirishga ixtisoslashgan tematik dasturlarni hamkorlikda tayyorlash;

– a`zo davlatlarning milliy kunlarida teledasturlar hamda boshqa tegishli hujjatli filmlar va boshqa axborotlarni translyasiya qilish imkoniyatini ta`minlash maqsadida a`zo davlatlarning milliy telekanallari o`rtasidagi hamkorlik kelishuvlarini o`rnatish.

"So`zim yakunida O`zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar bilan axborot va ommaviy kommunikasiya sohasi, nashriyot-matbaa, kutubxonachilik sohalarini rivojlantirishda bundan keyin ham yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini ma`lum qilamiz", - o`z nutqini yakunladi Asadjon Xodjaev. 

 

    Boshqa yangiliklar