Qozog`istonning Aqto`be shahrida bir necha kun farq bilan jiddiy anomaliyali ikki go`dak dunyoga keldi, deb xabar berdi “Vesti.ru” nashri.
Aqto`be shahar tug`ruqxonalaridan birida 23 iyun kuni to`rt oyoqli bola dunyoga kelgan bo`lsa, 27 iyun kuni boshqa kasalxonada tutashpanjali bola tug`ildi. Tibbiyotda “tutashpanja” deb qo`l va oyoq barmoqlari bir-biriga qo`shilib, tutashib ketganlik tushuniladi. Shifokorlarning so`zlariga ko`ra, bu patologiya bola uchun hech qanday xavf tug`dirmaydi, kelajakda bu kamchilikdan jarrohlik yo`lisiz ham qutulishi mumkin.
To`rt oyoqli bolaning hayoti esa xavf ostida. U sog`lom onadan o`z muddatida tug`ilgan, bola egizaklarning biri bo`lgan, ayol homiladorlik paytida o`z vaqtida tibbiy ko`rikdan o`tib turgan. Bundan tashqari bolaning yurak qon-tomir tizimida ham patologiya mavjud. Uning ortiqcha oyog`i ichak faoliyatiga ham xalaqit qiladi. Hozircha chaqaloq ilk jarrohlik operasiyasini boshidan kechirdi, shifokorlar tomonidan kelajakda yana bir necha operasiyalarni o`tkazish ko`zda tutilgan. Chaqaloq ayni paytda jonlantirish bo`limiga yotqizilgan.
Ilgari viloyatda bunday g`ayritabiiy hodisa uchramagan. Mutaxassislarning fikricha, bunday holatga infeksiya, kamqonlik, homiladorlik vaqtida onaning turli dori-darmonlarni qabul qilishi va ekologiya ham sabab bo`lishi mumkin.